O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Jo Baydenga davlat rahbari lavozimiga kirishgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jo Bayden noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida saylovchilar kollegiyasining 306 ta ovoziga ega bo‘lib, g‘alaba qozongan edi.

Jo Baydenning prezidentlikka kirishish inauguratsiyasi 20 yanvar kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tdi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holda, unda cheklangan miqdordagi mehmonlar — taxminan 1000 kishi ishtirok etdi. Odatda, tadbirga 200 mingga yaqin taklifnoma tarqatilar edi.

«Bugun biz nomzodning emas, g‘oyaning, demokratiya g‘oyasining g‘alabasini nishonlamoqdamiz. Xalq, xalq irodasiga quloq tutildi… Biz demokratiyaning qimmatbaho ekanini yana bir bor anglab yetdik. Demokratiya mo‘rt narsa. Va bu soatda, do‘stlarim, demokratiya g‘alaba qozondi», — deya ta’kidladi Jo Bayden inauguratsiyadagi nutqida.