“Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmuradov davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish jarayonida ijro intizomiga oid qator kamchiliklar mavjudligiga, jumladan, ko‘plab belgilangan vazifalar kechikib bajarilayot holat haqida ma’lum qildi.

“Masalan, 2020-yil davlat dasturining 70 dan ziyod bandlari 1 oydan 10 oygacha ijro muddati kechikib bajarilgan, 39 ta band bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida qabul qilinmagan”, — dedi u.

Shuningdek, Bekmuradov vazirlik va idoralar tomonidan “bajarilgan” deb hisobot berilgan ayrim vazifalar mohiyatan bajarilmaganligini qo‘shimcha qildi. Bunda tegishli chora-tadbirlar rejalari hamda “Yo‘l xarita"lari tasdiqlangan bo‘lsa-da, ushbu hujjatlarning ijrosi ta’minlanmay kelingan.

Bundan tashqari, ijro muddati kechiktirilgan yoki qo‘shimcha ishlanishi belgilangan holda, vazirlik va idoralar tomonidan kechikish sabablari yuzasidan jamoatchilikka tushuntirish berilmayotganlik holatlari ham kuzatilgani aytildi.

Harakat raisi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif bildirdi.

“Shu sababli „Yuksalish“ UMH fevral oyidan boshlab davlat dasturlari ijrosini barcha uchun onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi ochiq elektron platformani ishga tushirishni rejalashtirgan. Shu bilan birgalikda, har oyning birinchi juma kunida Davlat dasturi ijrosiga mas’ul ijrochi vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirokida brifing va jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilib boriladi”, — dedi Bekmuradov.

Bundan tashqari, davlat dasturi ijrosi yuzasidan har chorakda muqobil hisobotlar keng jamoatchilikka e’lon qilib borish amaliyoti ham joriy qilinishi ta’kidlandi.