Oliy sud 2020-yilda mamlakatda ko‘rilgan jinoyat ishlari tahliliga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili sudlar tomonidan 38 149 nafar shaxsga nisbatan 30 284 ta ish ko‘rib chiqilgan.

Sudlangan shaxslar jami 27 999 nafarни tashkil etgan:

  • boshqa turdagi jazolar tayinlandi 19 838 nafar
  • ozodlikdan maxrum qilingan — 7 110 nafar
  • shartli hukm qilingan — 1 051 nafar

Ular orasida erkalar — 24 972 kishi, ayollar — 3 027 kishi, yoshlar — 10 371 kishi (499 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 60 yoshdan oshganlar — 908 kishini tashkil etgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili 781 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan.

Shuningdek, 3 434 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 21 970 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 959 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 5 958 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

222 nafar yoshlarga, 37 nafar ayolga va 1 024 nafar shaxsga kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 8 266 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 267,1 mlrd so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2 729 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. 6 681 ta jinoyat ishi (22,1 foizi) sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Oliy sud JIB sudlov hay’ati nazorat tartibida 1 523 nafar shaxsga nisbatan 1 214 ta ishni ko‘rib chiqqan. 969 kishiga nisbatan quyi sudlarning qarorlari bekor qilingan, 385 kishiga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.