19 yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov vazirlik markaziy apparati barcha xodimlarining to‘liq tarkibdagi ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda vazirlik faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha muhim vazifalar jamoa ishtirokida batafsil muhokama qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

«Vazirlikdagi dastlabki uch kunlik faoliyatimdan kelib chiqib, qisqacha xulosamni aytadigan bo‘lsam, afsuski, taassurotlar kishini xursand qilmaydi. Jamoada erkin va ijodiy muhit yo‘qday, xodimlar horg‘in va tashabbus ko‘rsatmaydi. Sababi ish tartibi to‘g‘ri tashkil etilmagan», — dedi vazir.

U inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinayotganligiga to‘xtaldi. «Xodimlar ishda ko‘p vaqt qolib ketishi natijasida jismonan va ruhan charchagan ko‘rinadi. Oilasiga, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratishga ulgurmasa kerak. Xodimlarga, avvalo, ish joyida erkin ishlash, ijodiy fikrlash, qolaversa dam olish uchun qulay sharoit yaratib berish va undan keyin ish unumdorligini talab qilish mumkin».

Vazir yig‘ilishda ayrim strukturalar faoliyatiga ham to‘xtalib, ularning qoniqarsiz faoliyat yuritayotgani, bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etdi. Bundan buyon har bir boshqarma va bo‘lim faoliyati natijadorligi monitoring qilinishi, samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar munosib taqdirlanishi, aksincha o‘z funksional vazifalarini bajarmaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi aytildi.

Shuningdek, uchrashuvda boshqaruvda va axborot almashishda zamonaviy AKT imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, OTMlarga yuborilayotgan topshiriqlarni muvofiqlashtirish, bir-birini takrorlaydigan vazifalarni qisqartirish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish lozimligi aytib o‘tildi.

«Bugundan boshlab jamoa yangicha ish tartibiga o‘tsak: qog‘ozbozlikni imkon qadar kamaytirish, ortiqcha majlisbozlikka chek qo‘yish va o‘z ishimizga mehr bilan munosabatda bo‘lib, undan zavqlanib ishlaylik», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Ta’lim muassasalari bilan ishlash prinsiplarida ham qayta ko‘rib chiqiladigan jihatlar mavjud ekanligiga e’tibor qaratildi.

«Oldin tizimdagi rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun yetarli shart-sharoit yaratishimiz, undan keyingina ular oldiga vazifalarni qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘ladi, — dedi vazir.

Oldinroq, prezident Shavkat Mirziyoyev yangi oliy ta’lim vazirini o‘zi sinaganligini, unga ko‘plab vazifalar yuklaganini aytgan edi.