Toshkent shahri markazida Hampton by Hilton mehmonxonasi qurilmoqda, deya xabar berdi Spot poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga tayangan holda.

Hampton by Hilton — Amerikaning Hilton mehmonxonalar tarmog‘iga tegishli brend hisoblanadi. Brendi o‘rtacha darajadagi narxlarga ega mehmonxonalarni o‘zi ichiga oladi. Ularning aksariyati xususiy franchayzilarga tegishli, ayrimlari kompaniyaning o‘zini boshqaruvida. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda butun dunyo bo‘ylab 2731 ta bunday mehmonxona mavjud.

Mehmonxona endi qurilayotganiga qaramay, unga oid ma’lumot «Yandek.Xarita»da paydo bo‘lgan. Ob’ekt Istiqbol ko‘chasida, KFC restorani yonida, Xalqaro Vestminister universiteti ro‘parasida joylashgan.


Loyiha buyurtmachisi Asia Star Plaza kompaniyasi bo‘lib, yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2020 yilning 29 yanvarida poytaxtning Yashnobod tumanida ro‘yxatga olingan. Yo‘nalishi — mehmonxonalar va muqobil turar joylar.

Ta’sischilar sifatida Nazimjon Usmonov (50 foiz) va Baxtiyor Qoraxo‘jayev (50 foiz) ko‘rsatilgan. Qoraxo‘jayev, shuningdek, mehmonxona rahbari hisoblanadi.

Baxtiyor Qoraxo‘jayev, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mehmonxona ishida tajribaga ega hisoblanadi. U 2018 yilning iyunida ro‘yxatdan o‘tgan Poytaxt Tower kompaniyasning (Citizen Hotel mehmonxonasi, Sky Lounge restorani) 100 foiz ulushiga egalik qiladi. Shuningdek, u Toshkent viloyatidagi Wellmore Resort va poytaxtdagi Hilal Hotel mehmonxonalarini boshqaruvchi Citizen Travel kompaniyasining 37,3 foiz ulushiga egalik qiladi.

Nazimjon Usmonov umumiy ovqatlanish sohasida tajribaga ega. U International Foodchain (KFC'ni boshqaruvchi)ning 46 foiz ulushiga, shuningdek, Food Grand (oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi, jumladan, baliq, qisqichbaqasimonlar va mollyuskalar) kompaniyasning 35 foiziga egalik qiladi.

Mehmonxonaning ochilishi to‘g‘risida birinchi bor 2020 yilning martida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda NRG (Murad Buildings va Qozog‘istonning BI Group qo‘shma loyihasi) kompaniyasi ushbu mehmonxonani qurishni rejalashtirayotgani aytilgandi.