Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlariga hududlardagi aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun 2 mlrd so‘mdan ajratiladi. Bunda 60 ta deputatga ja’mi 120 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev deputatlar kengashida aytib o‘tdi.

Huddi shu maqsadda xalq deputatlari tuman kengashining har bir deputatiga 100 mln so‘mdan ajratiladi. Aholi muammolarini hal qilish uchun shahar sektor rahbarlariga yiliga 5 mlrd so‘mdan ajratiladi. Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘iga 2 mlrd so‘m ajratiladi.

Toshkent shahar hokimi OAV va blogerlarni muammoli masalalar bo‘yicha xabar berishga chaqirdi. Masalalar ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadi va kompleks dasturga kiritiladi.

Bundan tashqari joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etish uchun 80 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu mablag‘larning 30 mlrd so‘mini shaharda daraxtlar ekish uchun sarflashni taklif qildi.