Sudandagi G‘arbiy Darfur provinsiyasining Geneyna shahrida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar oqibatida 129 nafar inson vafot etgan va 198 kishi jarohatlangan, deya xabar bermoqda RIA Novosti mahalliy OAVga tayanib.

Zo‘ravonliklar 16 yanvar kuni Geneyna shahrida yashovchi fuqaroning o‘ldirilishidan so‘ng boshlangan. Xabarga ko‘ra, Geneyna shahridan tashqari yana Murni va Kaukar shaharlari shifoxonalariga ham qurbonlar olib kelinmoqda. Qurbonlar orasida ayollar, bolalar, shifokorlar va gumanitar yordam xodimlari ham bor.

Ma’lumot uchun, Darfurda ikki xil millat vakillari istiqomat qilishadi va tarixan ular orasida tez-tez to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. 2003 yilda mamlakatda arab qurolli kuchlari tomonidan mahalliy aholi — fur halqiga nisbatan genotsid uyushtirilishi Darfurni muammoli hududga aylantirib qo‘ygan.