O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

Unda qayd etilganidek, jahon tarixida har bir xalqning avvalo ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan yuksalganini ko‘rish mumkin. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda ham milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda bu borada qator qarorlar qabul qilindi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi prezident ekani belgilab qo‘yildi. Kengashning hududiy bo‘limlariga mas’ullik hokimlar zimmasiga yuklatildi. Bu o‘zgarish ma’naviy-ma’rifiy ishlarni davlat siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi.

«Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. — Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat».

Ta’kidlanganidek, milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yo‘q emas. Shu bois prezident mamlakat mafkurasining asosiy g‘oyasini ta’kidlab o‘tdi.

«Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surayotgani, manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotganini tilga oldi. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarayotgani, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilayapti.

Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilayotganiga urg‘u berildi.

Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, O‘zbekiston manfaatlarini o‘ylab yashash zarurligi ta’kidlandi.