Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Buyuk Turon ko‘chasida minglab daraxtlarning qo‘porilayotganligi haqida Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi Davlat ekologiya qo‘mitasi va Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi inspektorlari belgilangan manzil bo‘yicha murojaatni o‘rganib chiqdilar.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, viloyat hokimi qaroriga asosan ajratilgan 10 gektar yer maydonida Kichik sanoat zonasi tashkil etilayotgan bo‘lgan. Mazkur hududdagi 2 874 tup har xil turdagi daraxtlar davlat raqami (555 SA 70) ekskavator texnika vositasi yordamida ildizi bilan qo‘porilganligi aniqlandi va holat yuzasidan dalolatnoma tuzilgan.

Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi shahar Qurilish bo‘limining 2020 yil 23 noyabrdagi Qarshi shahar «Buyuk Turon» MFY, Buyuk Turon ko‘chasida tashkil etilayotgan «Kichik sanoat zonasi» hududidagi ekinzor va daraxtlarni tag qismidan olib tashlash to‘g‘risidagi murojaatiga javoban Qarshi shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan daraxt va butalarni kesish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan holda, daraxt va butalarni kesishga ruxsat berilmagan.

Shu bilan birga, ajratilgan 10 gektar yer maydonida tashkil etilayotgan Kichik sanoat zonasi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasining ekologik hulosasi olinmaganligi aniqlangan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu hududdagi 12 gektar yerdan hozirgi kunga qadar aholining foydalangan.

«Daraxt kesishlarini to‘xtatishgandan keyingi holat bu. 1 sutkadan ko‘prok vaqtda daraxt kesish boshlangan. Muammo nimadan kelib chiqyapti. Odamlar bo‘lib-bo‘lib olgan, lekin olganligi to‘g‘risida hech qanday hujjat yo‘q. Aholinining agar tomorqa hududi bo‘lganida u mevali daraxtlar o‘zining mulki hisoblanar edi. Xohlasa kesishi mumkin edi unda. Lekin o‘sha yer kadastr hujjatlarida belgilanmaganligi sababli, bu tabiat mulki hisoblanadi va davlatning zaxira yeri sanaladi. Shu paytgacha ham zaxira yeri hisoblangan, lekin aholi undan foylanib kelavergan. Bu ham Qarshi shahar hokimiyati tomonidan qilingan noqonuniy holat. Chunki zaxira yerini aholi foydalanishga berish mumkin emas. Jinoyat alomatlari juda yuqori», — deya ma’lum qildi Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev.

Bundan tashqari, Qashqadaryodagi ekologiya inspeksiyasi chalg‘itilgani va bu aholining tomorqa yeri deb kelishganligi ma’lum qilindi.

«Biroq hujjatlar tekshirilganda yerning faqat 3 gektarida 24 ming daraxt borligi aniqlangan (qolgan 7 gektar yerdagi daraxtlar soni surishtirilmoqda — tahr.), ulardan 2874 tupi kesib tashlangan. Qolganlari saqlab qolindi», — deb qo‘shimcha qildi Bunyod Abdullayev.

Bundan avval, Sergeli tumanida 14 tup daraxt ekskavator bilan qo‘porilganligi haqida xabar bergan edik.