Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda davlat rahbari «Ijod» jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etilishini ma’lum qilgan.

Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi.

Shu yildan boshlab, ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino san’atini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

«Agar kimdir, ma’naviyat masalasi — bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir», — dedi prezident.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilari, o‘qituvchi va professorlar, vazirlar, viloyat hokimlari fikr bildirdi.