Davlat xizmatlari agentligi 2020 yil davomida yuridik va jismoniy shaxslarning ichimlik va issiq suv tarmoqlariga ulanish, shuningdek, hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish jarayonini monitoring qildi.

Natijada kommunal tashkilotlar tomonidan 20 minga yaqin qonunbuzarlik, jumladan muddat buzilishi, rad etishning belgilangan tartibini buzishga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda DXA matbuot xizmati. Ta’kidlanishicha, qonun buzilishi holatlarining aksariyati Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

«Birinchidan, sohada murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish holatlari tez-tez uchrab, bunga kommunal tashkilot xodimlarining murojaatlarga birlamchi vazifa sifatida qaramasligi, murojaatlarni o‘z muddatida bajarilishiga moddiy-texnik bazaning mustahkam emasligi hamda xodimlarning yetishmasligi sabab bo‘lib kelmoqda. Ikkinchidan, ayrim xodimlarning beparvoligi, mas’uliyatsizligi va sustkashligi natijasida fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida va belgilangan tartibda javob berilmagan», — deyiladi agentlik xabarida.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi hamda muddatlarini buzgan shaxslarga nisbatan — ijro qilinishi majburiy bo‘lgan 31 ta taqdimnoma va 11 ta ogohnoma kiritilgan. Shu bilan birga, 67 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Natijada, aybdorlarning 67 nafari jarimaga tortilgan, yana 33 nafariga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Agentlikning qayd etishicha, ayrim kommunal tashkilotlar «qonunbuzilishlar xalqning tizimga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lishini haligacha tushunib yetmayapti».

DXA monitoringi vaqtida aniqlangan quyidagi qonunbuzilishlar aniqlangan:

  • Fuqaro X.J. tomonidan 2020 yil 8 yanvarda ichimlik suvi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish yuzasidan yuborgan arizasi «O‘zsuvta’minot» AJ tomonidan ko‘rib chiqish uchun salkam 10 oy kechikib qabul qilingan va ariza asossiz ravishda rad etilgan.
  • Fuqaro A.Sh. tomonidan 2020 yil 29 sentyabrda ichimlik suvi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish yuzasidan yuborgan arizasi bugungi kunga qadar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmagan.
  • Fuqaro O.T. tomonidan 2020 yil 25 mayda issiq suv hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish yuzasidan yuborgan arizasi «Toshissiqquvvati» DUK tomonidan 6 oyga yaqin muddatga kechiktirilib qabul qilingan va rad etilgan.

Davlat xizmatlari agentligi mas’ul tashkilotlarni ogohlantirdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 215−5-моддасига asosan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid qonun hujjatlarini buzgan mansabdor shaxslar va xizmatchilar BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, huddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takrorlasa — BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.