Andijon viloyati Xo‘jabod tumanida yashovchi fuqaro Yo.R. otasi tomonidan 9-sinfligidan buyon zo‘rlanib kelinayotganini aytib, videomurojaat qilgan.

Qizning onasi vafot etgan va otasi boshqa ayolga uylangan. Uning aytishicha, uyda hech kim bo‘lmagan paytda otasi unga zo‘ravonlik qilgan.

«Dadamdan maktabga qochardim. Dadam yoki uyda yashaysan yoki ko‘chada bo‘lasan derdi. Majbur uyda yurardim. Dadam meni har doim urib, so‘kardi. Xar doim birov chaqirsa, qizim yo‘q deb ustimdan qulflab ketardi», — deydi Yo.R.

Uning so‘zlariga ko‘ra otasi T.A. qo‘shnilar eshitib qolmasligi uchun qizning og‘zini bog‘lab qo‘ygan. Qiz baqirganda, ota qo‘shnilariga gapimga kirmayapti deya bahona qilgan.

Qiz bu haqida qo‘shnilari, o‘gay onasi, qarindosh-urug‘lari, mahalla mutasaddilariga ham aytgan. Biroq unga hech kim ishonmagan, uni yolg‘onchi deb, otasining tomonini olishgan.

Qiz profilaktika inspektoriga murojaat qilganida, ichki ishlar xodimi otasiga og‘zaki ogohlantirish bergan. Yo.R. militsiyaga birinchi marotaba murojaat qilganidan keyin, otasi unga ma’lum vaqt teginmaganligini aytgan. Lekin, keyin holat yana takrorlana boshlagan.

Navbatdagi murojaatda inspektor Yo.R.ga zo‘ravonlik holatini telefon yoki kameraga tasvirga tushirish kerakligini, aks holda jinoiy ish ocholmasligini aytgan.

Yo.R. bir necha marotaba ўз joniga qasd qilaman deb, uydan chiqib ketganligini ham ma’lum qildi.

Bosh prokuratura xabar berishiga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Shuningdek, videoyozuvdagi qiz yuqoridagi holat bo‘yicha vakolatli idoralarga murojaat qilishiga qaramasdan hech qanaka chora ko‘rilmayotganligi haqidagi vajlariga aniqlik kiritish maqsadida Xo‘jaobod tumani prokuraturasi tomonidan tegishli idoralar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlandi», — deyiladi xabarda.

Tekshirish jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.