Prezident Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida barcha viloyatlar hokimlari bosqichma-bosqich qisqa muddatli ta’tilga chiqmoqdalar, deb xabar berdi «Gazeta.uz» axborot manbasi. Ular ta’til davomida profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

«Prezident Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bosqichma-bosqich, 10 kun ichida besh nafar hokim, so‘ngra keyingi 10 kun ichida yana besh hokim, shuningdek, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi», — deyiladi «Gazeta.uz»ga kelib tushgan xabarda.

Ma’lumot uchun, hokimlar amaldagi qonunchilikka binoan ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkentdagi Prezident Administratsiyasi Tibbiyot bosh boshqarmasida tekshiruvdan o‘tadilar.

Erkinjon Turdimov.

Jumladan, 9 yanvar kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov sog‘lig‘ini tiklash uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqqan edi.


Gofurjon Mirzayev.

17 yanvar kuni esa Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev tibbiy ko‘rik va davolanishdan o‘tish uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqdi. Sirdaryo hokimligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, ta’til hokimning sog‘lig‘i bilan bog‘liq emas. 10 kun davomida G‘ofurjon Mirzayev profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qisqa muddatli mehnat ta’tili olgan edi.