O‘zbekistonga Pfizer va BionTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 100 ming dona vaksina olib kelinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev vazirlik matbuot xizmatiga ma’lum qildi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan «COVID-19»ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun mamlakatimiz aholisining 20 foizi miqdorida buyurtma tayyorlanib, COVAX fondiga yuborildi, — deydi B. Yusupaliyev. — Hozirda GAVI («Emlash va immunizatsiya bo‘yicha global alyans») tashkiloti bilan hamkorlikda Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda».

Pfizer/Biotech vaksinasini yuqori sovuqlik zanjiriga jiddiy rioya etgan holda -70 ℃ haroratda saqlash talab etiladi. «Yurtimizda -70 ℃ haroratni saqlaydigan muzlatgichlar mavjud», — deydi vazir o‘rinbosari.

Hozirda koronavirusga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus xavfsiz immunizatsiya shartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazish, ayniqsa, vaksinator, reanimatologlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborilganligi aytildi.

«Ta’kidlash joizki, yurtimizda 2−8 ℃ haroratga mo‘ljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi mavjud bo‘lib, bu tizim JSSTning barcha talablariga javob beradi va xavfsiz emlash amaliyotini kafolatlaydi», — deydi Baxodir Yusupaliyev.

Emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida GAVI tashkiloti tomonidan 17 ta katta xajmdagi refrijeratorlar va 206 ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositalari taqdim etilganligi ta’kidlandi.