Davlat statistika qo‘mitasining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda 175,6 ming kishi vafot etgan. Bu 2017 yilgi o‘limlar sonidan 14,7 mingtaga (9,27 foizga), 2018 yilgi o‘limlar sonidan 20,7 mingtaga (13,36 foizga), 2019 yilgi o‘limlar sonidan 21 mingtaga (13,58 foizga) ko‘p.

2020 yilda qayd etilgan o‘lim holatlarining 60 foiziga qon aylanish tizimi kasalliklari, 8 foiziga o‘simtalar, 7,2 foiziga nafas olish a’zolari kasalliklari sabab bo‘lgan.


Viloyatlar kesimi bo‘yicha eng ko‘p o‘lim holatlari Toshkent shahriga (21,2 ming), Farg‘ona (18,5 ming), Toshkent (18,4 ming) va Samarqand (18,4 ming) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Eng kam o‘lim holati esa Navoiy (5 ming) va Sirdaryo (4 ming) viloyatlarida kuzatilgan.

Shuningdek, go‘daklar o‘limi (1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi) bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich Toshkent shahri, Andijon va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan.