13 yanvar kuni Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan «Xumo trans» aviakassasi rahbari K.Ye. fuqaro M.Z.ni aldab, pandemiya sharoitida chet davlatga davolanish uchun borishga asos bo‘luvchi kasalligi haqida hujjat tayyorlab berishga va shu hujjatga asosan bemalol Rossiya Federatsiyasiga borishi mumkinligiga ishontirib, 1450 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi, deya xabar berdi IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

Tezkor qidiruv ishlari davomida fuqaro K.Ye. bundan avval ham 79 nafar fuqaroni shu usulda aldab, ularning har biridan 1200 dollardan jami 94 800 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan, Toshkent shahar IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro K.Ye.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing katta miqdordagi mulkiga egalik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.