AQSHning Afg‘onistondagi elchixonasi amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirmoqda

AQSHning Qobuldagi elchixonasi teraktlar sonining ko‘payishi ehtimoli haqida ogohlantirib, Afg‘onistondagi AQSH fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi. “Elchixona AQSH fuqarolariga Afg‘onistonga tashrif buyurish xavfi yuqori darajadaligini eslatadi va mamlakatda bo‘lganlarni ketishni o‘ylashga taklif qiladi”, — deyiladi bayonotda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda butun Afg‘oniston bo‘ylab terroristik hujumlar, odam o‘g‘irlash va boshqa jiddiy jinoiy harakatlar tez-tez uchrab turibdi. “Chet eliklar, shu jumladan, amerikaliklar tez-tez tashrif buyuradigan mehmonxonalar, turar-joy majmualari, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar va boshqa joylar tahdid ostida qolmoqda”, — deb murojaat qiladi elchixona vatandoshlariga. — Khaama Press.

Yaponiya koronavirusga qarshi emlash uchun mas’ul vazirni tayinladi

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va mudofaa vazirligining sobiq rahbari va hozirda ma’muriy islohot uchun mas’ul vazir Taro Kono bir vaqtning o‘zida mamlakat aholisini koronavirusga qarshi emlash jarayoni uchun mas’ul vazirga aylandi. “Men vazir [Taro] Kononi vaksinatsiyani boshqarish uchun mas’ul etib tayinlanishini buyurdim”, dedi mamlakat bosh vaziri Suga. Suganing ta’kidlashicha, vaksinatsiya fevralning oxirida boshlanadi. “Biz hozirda kerakli tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz”, — dedi Yaponiya hukumati rahbari. U mamlakat mudofaa kuchlari aholini emlash jarayoniga jalb qilinishini ham ta’kidladi. Birinchi bosqichda vaksinatsiya 50 mln (aholining 40 foizi) kishini qamrab olishi kerak bo‘ladi. — TASS.

Quvayt amiri hukumat iste’fosini qabul qildi

Quvayt amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh boshchiligidagi mamlakat hukumatining iste’fosini qabul qildi. Ta’kidlanishicha, amir Vazirlar Mahkamasiga yangi hukumat tuzilgandan keyin ish boshlangunga qadar o‘z vakolatlarini davom ettirishni buyurdi. Quvayt bosh vaziri Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh 13 yanvar kuni mamlakat amiriga iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshirdi. Avvalroq, 12 yanvar kuni Quvayt hukumati vazirlari bosh vazirga iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshirgan. Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 14 dekabrda parlament saylovlaridan so‘ng tuzilgan. So‘nggi yillarda Quvayt hukumati keskin inqiroz sharoitida bir necha bor iste’foga chiqarildi. Ilgari bo‘lgani kabi, aynan tanlangan parlament va amir tomonidan tayinlangan hukumat o‘rtasidagi ziddiyat, ya’ni yosh va qari elita deb atalmish hukumat iste’fosining asosiy sababi deb ta’kidlandi. — Al Arabiya.

Yaponiya Vazirlar Mahkamasi parlamentga rekord darajadagi sarflanadigan davlat byudjeti loyihasini taqdim etdi

Yaponiya hukumati mamlakat parlamentiga 2021 moliya yili uchun (1 apreldan boshlab) davlat byudjeti loyihasini 106,6 trln iyenadan ortiq (1 trln dollardan ziyod) xarajatlar bilan taqdim etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u amaldagi byudjetning tegishli ko‘rsatkichidan deyarli 4 trln iyena (38 mlrd dollardan ortiq)ga oshadi. 2021 moliyaviy yilida davlat xarajatlari Yaponiya tarixidagi eng katta bo‘lishi kutilmoqda. Bu, avvalo, aholining qarishi tufayli ijtimoiy ehtiyojlar va sog‘liqni saqlashga ajratmalarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Ushbu maqsadlar uchun hukumat deyarli 36 trln iyenani (348 mlrd dollardan ko‘proq) sarflamoqchi. Bundan tashqari, harbiy xarajatlarning rekord darajaga, ya’ni 5,3 trln iyenaga (taxminan 51,5 mlrd dollar) oshishi kutilmoqda. Yangi davlat byudjeti loyihasi kamomadga ega bo‘lib, mablag‘ yetishmovchiligi qariyb 43,6 trln iyena (deyarli 422 mlrd dollar) miqdorida tashkil etadi. Ushbu kamomad davlat obligatsiyalari orqali to‘ldiriladi. — NHK.

Rossiya tashqi ishlar vaziri G‘arbda Telegram bloklanishi mumkinligini ta’kidladi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb Telegram messenjerini blokirovka qilish imkoniyatini muhokama qilayotganini aytdi. “Men allaqachon Telegram’ni o‘z xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum qilish bilan tahdid qilinganligini eshitganman. Bu qiziq bo‘ladi”, — dedi Lavrov. Avvalroq AQSHning “Xavfsiz internet uchun koalitsiya” notijorat tashkiloti (Coalition for a Safer Web) Apple kompaniyasidan Telegram messenjerini dastur do‘konidan (App Store) olib tashlashni talab qilgan edi. Shuningdek, tashkilot tegishli talab bilan sudga 17 yanvar kuni murojaat qilgan. — Interfaks.

Tailandda 10 dollarlik turistik yig‘im joriy etiladi

Tailand hukumati tez orada 10 dollarlik turistik yig‘imni joriy qilmoqchi. “Tailandda turistik soliqni joriy etish 2016 yildan beri muhokama qilinmoqda, ammo bu chora har doim qoldirilib kelindi. Endi pandemiya sababli, asosan, sayyohlarga bog‘liq bo‘lgan mamlakat iqtisodiyoti zaiflashdi. Shu sababli mamlakat yaqin kelajakda 300 batlik (10 dollar) turistik yig‘imni joriy etishga tayyor”, — deyiladi xabarda. 2021 yilda Tailand 10 mlnga yaqin chet ellik mehmonlarni qabul qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Bir yil oldin u yerga 6,7 mln chet ellik sayohatchilar kelgan, bu 2019 yilga nisbatan sezilarli darajada kam (40 mln). “Kichik yig‘im sayyohlarni Tailandga sayohat qilishni to‘xtata olmaydi, shu bilan birga infratuzilmaning hozirgi holati qo‘rqitishi mumkin. Yig’imdan tushgan mablag‘ sayyohlik ob’ektlarini tiklash va saqlashga, shuningdek sayohatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatishga sarflanadi”, — deyiladi xabarda. Ayni paytda Tailandning chegaralari chet ellik sayyohlar uchun ochiq, ammo bir qator qat’iy qoidalar mavjud. — Travel Off Path.