Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani «Qizilo‘zak» qishlog‘ida yashovchi bolalar 8 km uzoqlikda joylashgan maktabga piyoda, eshakda va velosipedda qatnamoqda. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Kun.uz jurnalisti uchta maktab o‘quvchisi bilan suhbatlashgan. Ulardan biri piyoda, qolgan ikkitasi eshakda harakatlanayotgan bo‘lgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular mahalladan maktabgacha bo‘lgan masofani 1,5 soat ichida bosib o‘tishadi.

Keyinchalik, jurnalist Shuhrat Saidahmadov Qizilo‘zak qishlog‘ida 70 ta oila istiqomat qilayotgani va 150 ga yaqin bola maktabga borishini aytdi. Ularga velosiped sotib olish uchun pul yig‘ish boshlandi.

21 dekabr kuni Chimboy tumani hokimi Aybek Tajetdinov Equinox avtomobilini sotib olish uchun 349 mln so‘mlik shartnoma imzolagan edi.

Hokimlik matbuot kotibi Nargiza Toliboyeva «Gazeta.uz» ga «Equinox sotib olish uchun pul o‘tkazilmadi va mashina kelmadi» dedi. Hozirda Hokim Captiva’da harakatlanmoqda.

Matbuot xizmati bolalarning maktabga borishini osonlashtirishi uchun biron bir choralar ko‘riladimi, degan savolga, Chimboy tumanida Qizilketgen qishlog‘i yo‘q deya aytilgan (mahalla Kun.uz'ning birinchi xabarida shunday nomlangan). «Men hech qanday ma’lumot bera olmayman, chunki bizda bunday mahalla yo‘q. Balki boshqa tumanda shunday mahalla mavjuddir», — dedi Nargiza Toliboyeva.