Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berishicha, Buxoro shahar madaniyat bo‘limi sobiq rahbari V.N. va boshqalar madaniyat bo‘limiga tegishli 24 dona 89,8 mln so‘mlik rangli «LED» ekranlarini belgilangan talablarga zid ravishda hisobdan chiqarganliklari aniqlandi.

Bundan tashqari, viloyat madaniyat boshqarmasidan qabul qilib olingan 173,6 mln so‘mlik «LED» ekranlarini Buxoro shahar madaniyat bo‘limiga topshirmasdan, 263,5 mln so‘mlik davlat mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan V.N. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avval, «O‘zbekneftgaz» hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari 297,8 mln so‘mlik quvur va qora metallarni talon-toroj qilganligi xaqida xabar bergan edik.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 2020 yilning 9 oyi davomida jami 1 mlrd 384 mln so‘mlik talon-torojlik, moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.