UzReport TV sentyabr oyida ko‘rsatuvni suratga olish vaqtida kanal tasvirchisiga hujum bo‘lganligini va kamera sindirilganligini ma’lum qildi. Sud qarorida ushbu faktlar qayd etilmaganligi aytilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil 13 sentyabr kuni Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida YTH sodir bo‘ladi. Uzreport TV ijodkorlari Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi Qahramon Xudayberganov boshchiligida voqea joyiga kelib, ko‘rsatuv uchun tasvirga olishni boshlaydi.

Shunda, YTHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan bir necha fuqaro ularga to‘sqinlik qiladi.

Uzreport TV tasvirchisi Fayoz Baxtiyorov voqea joyini tasvirga olayotganida, Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi ikki nafar shaxs uning oldiga kelib, qo‘pol gaplar bilan tahdid qilishadi va o‘z hatti-harakatlari bilan kamerani sindirishganini aytadi. Holat yuzasidan ushbu fuqarolarga qonuniy chora ko‘rilishni so‘rab tasvirchi ichki ishlar organlariga ariza taqdim etgan.

Kanal tomonidan tarqatilgan videolavhada yo‘l harakati xavfsizligi xodimi uchastka noziri Humoyun Tursunovdan ish bo‘yicha Ayubxonni (tasvirchiga hujum qilgan shaxslardan biri — tahr.) jalb qilasizmi deb so‘raganida, uchastka noziri «Hozir Ayubxonni topishga harakat qilaman. Ko‘rdingizku, tanishi bolnitsaga ketdi. Ko‘rsatmasini olaman. U fuqaro qochib ketmaydi, ertaga topib beraman u fuqaroni. Kameraga yetkazgan shikastiga ertaga qonuniy javob beradi», deydi.

Uchastka noziri u odamni tanishini ta’kidlab, «Ertaga shu inson kelsin, man uni chaqirtiraman. Vozmestit qiladi uerbni», deb aytadi.

23 sentyabr kuni Chilonzor tumani ma’muriy sudining ushbu ish yuzasidan qarori chiqadi. Sud qaroriga ko‘ra, qonunbuzarlar jarima to‘lashgan.

Tasvirchi Fayoz Baxtiyorov sud hukmidan norozi ekanligini ta’kidlaydi: «Sud hukmidan noroziman. Chunki u yerda mani ko‘chada ketayotganimda ikkita fuqaro manga tashlanganligi, man bilan ko‘cha bezoriligi jangi bo‘lganligi haqida yozilgan. Lekin man undan qoniqmayman. Chunki, arizamda yozganimdek, xizmat vazifamni bajarayotgan joyimda menga tahdid qilishib, kameramni sindirishgan».

Voqea joyida bo‘lgan ichki ishlar uchastka nozirining keyinchalik sudga taqdim etgan bayonnoma, ariza va bildirgilarida ishning bayoni butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lganligi aytilmoqda.

Uzreport TV kanali yuristi Mirzoxid G‘aniyev ham sud qarorida voqea umuman boshqacha bayon etilganligini ta’kidlaydi. «Qarorning bayon qismida fuqarolar Chilonzor tumanining hududida bir-birlari bilan urushib, jamoat tartibini buzishganligi aniqlangan deyilgan».

Bundan tashqari, sud qarorida kanalning kamerasi sindirilib, moddiy zarar yetkazilganligi, shuningdek ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablari bajarilmaganligi holati yoritilmagan.

Kanal mutasaddilari ushbu qaror yuzasidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishini ma’lum qilgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ushbu holatga munosabat bildirib, «huquq tartibot organlari xodimlari to‘g‘ri va adolatli baho berishi, aybdorlar esa qonunda belgilangan jazoga tortilishi shart"ligini ta’kidladi.

«Biz xuquqiy davlatda yashaymiz. Qonun ustuvorligiga erishish o‘z qo‘limizda. Ushbu xolatni oxirigacha kuzatib boramiz», — dedi u.