Tojikiston milliy axborot agentligi «Xovar» ma’lum qilishicha, mamlakatning koronavirusga qarshi kurash shtabi qarori bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi doimiy aviaqatnovlar tiklandi.

Ikki mamlakat orasida aviaqatnovlar 2020 yil mart oyida koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Kelishuvlarga ko‘ra, haftaning chorshanba kunlari «O‘zbekiston havo yo‘llari», juma kunlari «Somon Eyr» aviakompaniyasi reyslari amalga oshiriladi.

Tojikiston Fuqarolik aviatsiyasi agentligi direktori Ikrom Subxonzodaning aytishicha, yo‘lovchilarda uchishdan oldin 72 soat ichida COVID-19ga PZR testi topshirib, uning manfiy chiqqanligi to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma bo‘lishi kerak.

Oldinroq, O‘zbekiston yangi koronavirus shtammi aniqlangan 7 ta mamlakat bilan aviaqatnovlar bo‘yicha cheklovlarni 1 fevralga qadar uzaytirgan edi.