Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda. Jumladan, davlat rahbari Senatning yangi binosini ham borib ko‘rdi.

Shahar markazidagi Islom Karimov ko‘chasida Oliy Majlis Senati uchun yangi bino hozirlanayotganidan ko‘pchilik xabardor. Loyihaga ko‘ra, 6 qavatli eski bino tubdan rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ob’ektlar qurilmoqda. Bugungi kunda muhandislik tarmoqlari montaj qilinyapti.

Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Shu bois, Senatda doim ish «qaynaydi». Yuqori palataning hayoti muhokama va muzokaralarga boy. Xorijiy delegatsiyalar ham ko‘p tashrif buyuradi. Parlament nazoratining o‘zi katta va o‘ta muhim vazifa.

Senatning yangi binosi (Tashqi ishlar vazirligining eski binosi — Markaziy bank yon tomonida joylashgan).

Yangi binoda ana shunday barcha jihatlar inobatga olinib, senatorlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisini o‘tkazish uchun 280 o‘rinli zal tashkil etilyapti. U milliy naqshlar bilan bezatilgan, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘ladi.

«Parlamentimiz faol ishlayapti. Majlislar paytida bitta qonun loyihasi soatlab muhokama qilinadi. Shuning uchun ishtirokchilarning harakatlanishi, salomatligi, yoshi bilan bog‘liq har bir jihatni e’tiborga olish, shunga yarasha qulaylik yaratish zarur. Zalga quyosh nuri tushib tursa, kayfiyatga, ishga yaxshi ta’sir qiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi binoda delegatsiyalar bilan uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, OAVlar vakillari uchun ham barcha sharoitlar yaratilishi qayd etildi.