Qirg‘iziston bosh vazir o‘rinbosari Elvira Surabaldiyevaning xabar berishicha, mamlakatda COVID-19 bo‘yicha o‘lim holatlari aslida Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan rasmiy sonlardan anchagina ko‘proq, deya xabar berdi 24.kg.

Bu gumanitar yordamning to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qiluvchi idoralararo komissiya tomonidan aniqlangan.

«Idoralararo komissiyaning xulosalariga ko‘ra, pandemiya oqibatidagi o‘lim holatlari bo‘yicha raqamlar o‘rtasidagi farq bir necha mingni tashkil qilmoqda. Pandemiyaning eng qizg‘in davrida alohida mansabdorlar hujjatlarni ushlab turishgan, buning oqibatida davolash va dorilar yetkazib berish ishlarida tartibsizliklar yuzaga kelgan», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, pandemiya davrida ajratilgan gumanitar yordam ayrim shaxslar tomonidan o‘g‘irlangan. U yaqin orada komissiyaning barcha kuzatuvlarini e’lon qilishga va’da berdi.

Bir kun oldin Qirg‘izistonda o‘rta maktablar, oliy o‘quv yurtlari va bolalar bog‘chalari ishi bosqichma-bosqich tiklanishi ma’lum qilindi. Darslar 2020 yil 16 martdan boshlab onlayn formatga o‘tkazilgan edi.