Olmaliq shahar hokimligining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi 1-toifali mutaxassisi Zilola Hasanboyeva prezident Shavkat Mirziyoyev va Senat raisi Tanzila Norboyevadan yordam so‘rab murojaat qildi. U shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Umid Shoumarov uni «dekret»ga chiqarmaslik uchun turli yo‘llar bilan ishdan bo‘shatishga harakat qilayotgani, jumladan, Mehnat kodeksining 100-moddasi bilan tahdid qilayotganini aytib, «Gazeta.uz»ga videomurojaat yo‘llagan.

Ma’lumot uchun, Shoumarov Umid Hikmatovich 2020 yil 21 oktyabrdan beri Olmaliq shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi. Bunga qadar u «Adolat» SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Tahririyatga kelib tushgan murojaatda Zilola Xasanboyeva mazkur bo‘limda 2018 yil 12 iyuldan beri faoliyat yuritib kelayotgani va 2021 yil mart oyidan dekretga chiqish masalasi ko‘tarilgach, hokimning birinchi o‘rinbosari unga ruhan tazyiqlar o‘tkazib, ishdan bo‘shatish harakatiga tushib qolganini aytadi.

«Adolat partiyasidan chiqqan odamning o‘zi adolatsizlik qilishi qonunga mosmi? Men shunga hayron qolmoqdaman. Mening aybim homiladorligimmi? Yoki ayolligimmi?», — deydi u.

«Homiladorligimni bilganidan so‘ng Umid Shoumarov o‘rnimga erkak kishini olmoqchi ekanini bildirib, menga majburlab ariza yozdirmoqchi bo‘layapti. Bir necha bor ular tomonidan har xil baqir-chaqir, so‘kinishlarni eshitganman. Oxiri o‘zimni himoya qilish maqsadida ularning oldilariga audio yozuv bilan kiradigan bo‘ldim. Umid Shoumarov meni majburiy tarzda ishdan bo‘shatmoqchi. Har xil vajlar bilan, hattoki „men sizni xohlagan ishingizga kiritib qo‘yaman“, deb taklif bildirganlar. Men homiladormanku, qanday qilib meni boshqa ishga o‘tkazasiz, deganimda: „men sizga homilador emas degan spravka qilib beraman“, dedi. Qanday qilib, uni ham axir ona tuqqan-ku», — deydi hokimlik xodimasi.

Ishdan bo‘shashga qarshiligini bildirgan va qonunda belgilangan tartibda o‘zining haqqini so‘ragan Zilola Hasanboyevaga hokimning birinchi o‘rinbosari bo‘lim 4 oydan beri uddalay olmayotgan ishni berib, bo‘shatishning qonuniy yo‘llari bilan bo‘shatishini aytib, qo‘rqita boshlaganini ma’lum qildi.

«Mana, kecha ham ishdan bo‘shamayman, menga taklifingiz kerak emas, degan paytimda ular bo‘limimiz 4 oydan beri qila olmayotgan ishni menga berdilar. Buni men hamma bilan maslahatlashdim. Endi meni moddaga (Mehnat kodeksi 100-moddasi 2-qismi — tahr.) asosan bo‘shatishni xohlashayapti», — deya so‘zlab berdi Hasanboyeva.

Hokimlik xodimasi prezident va Senat raisidan yordam so‘rab, qonuniy chora ko‘rishlarini so‘ragan. Hasanboyeva «Gazeta.uz»ga murojaat qilib, hokimning birinchi o‘rinbosari bilan bir necha marotaba suhbatlashgani aks etgan audioyozuvlarni taqdim etdi. 4 yanvar kuni ish beruvchi va ishchi o‘rtasida suhbat anchayin bosiqlik bilan bo‘lib o‘tgan. Unda Shoumarov unga juda katta talab bo‘layotgani, xodimani tushunib turgani va u «dekret»ga chiqqunicha hokimiyat butun shaharning taqdirini ushlab turishini, shu bois «o‘zingizda ham vijdon bo‘lsin. Siz shaharning iqtisodiyotiga hech qanaqa hissa qo‘shayotganingiz yo‘q, lekin sizning o‘rningizdagi odam kechasi bilan ishlashi kerak», — deydi.

Audioyozuvda 2020 yil 20 noyabrdan bo‘lim nomi (eski nomi — iqtisodiyot va sanoat bo‘limi) o‘zgargach, xodimlar qaytadan sinov muddati asosida ishga olingani haqida gap-so‘z boradi. Hasanboyeva arizani sinov muddatiga yozmaganini aytsa, Shoumarov buyruq sinov muddati bilan chiqqani va xodima undan o‘ta olmaganini ma’lum qiladi. Zilola «homilam 4 oylik bo‘lib qoldi, hech kim ishga olmaydi meni», degan vaqtda hokimning birinchi o‘rinbosari: «men sizni joylashtiraman, homiladorman demasangiz bo‘ldi, muammo qilmaydi», deya javob beradi.

«Ishlab turgan tizimingiz yopildi, sizlar hammanglar bo‘shab, ishsiz qoldinglar. Yangi struktura tashkil qilindi. Sizlar unga ariza yozib berdinglar, sinov muddati bilan buyruq chiqdi. Siz hozir o‘tmadim, deb ishsiz qolib ketishingiz hech gap emas. Lekin men sizga yordam bermoqchiman. Men sizga tavsiya bermayman. To‘g‘ri tushuning, bu — hokimiyat. Kechasi bilan ishlaydigan odam bu. 5 da ketdim, ovqat qilishim kerak, deydiganlarning joyi emas bu. Yigitlarimiz borku, deysiz, siz uchun ham ular ishlashi kerakmi? Shuning uchun, Zilola, men bilan yaxshi munosabatda bo‘lib qoling, xohlagan joyingizni tanlang. Xohlasangiz, mahallaga kotibalikka, xohlasangiz «gorzdrav»ga kiring. Sizni bu yilga buyrug‘ingiz chiqmaydi, aniq. Siz odamga o‘xshab gaplashing, ey», — deya tushuntirishda davom etgan Umid Shoumarov.

Xodima ish beruvchiga sinov muddati qonunchilikka ko‘ra, homilador ayollarga berilmasligini aytganida, Shoumarov: «Siz sinov muddatiga homiladormisiz, farqi yo‘q, ariza yozayotganingizda mana shu yildan ishga qabul qilinglar, deb yozdingizmi? Yil oxirigacha sizga sinov muddati deb qaror chiqqan. Bu oydan sizga oylik yozilmaydi», — deya so‘zini tamomlagan.

Zilola Xasanboyevaning Umid Shoumarov bilan suhbati aks etgan, xodima tomonidan 6 yanvar kuni yozib olingan audio boricha havola etiladi:

Umid Sh.: Hoziroq borib hal qiling. Men sizning tabelingizga qo‘l qo‘ymayman, Zilola, to‘g‘ri tushuning.

Zilola X.: Sinov muddati 1 oy bergan bo‘lsa, 21 dekabrda tugagan ekan, aka. 4 yanvardan qanaqa qilib meni bo‘shatasiz? O‘sha buyruqqa 84-modda asosan deb yozib qo‘yipti. 84-moddaning tagida yozib qo‘yibdi, homilador ayollarga sinov muddati berilmaydi, deb. Men kadr bilan borib gaplashaman, qaysi «osnovaniya»ga asosan meni bo‘shatayapti, deb.

Umid Sh.: Sinov muddatidan o‘tishingiz kerak, to‘g‘rimi? Men sinov muddatidan o‘tdi, deb xulosa bermaganman. Zilola, men bilan talashmang. Nima qilasiz? Xo‘p bo‘pti, hozir siz talashib ham ko‘rarsiz, urishib ishlamoqchimisiz?

Zilola X.: Mening urishish niyatim yo‘q. Men tinchgina «dekret»ga chiqib ketmoqchiman.

Umid Sh.: Sizning maqsadingiz «dekret»ga chiqib olish, o‘shaning uchun hozir kotibalikmi, boshqami, qayerda bo‘lsa, joy toping, o‘sha yerdan chiqib ketvoring.

Zilola X.: O‘tmayman men boshqa joyga.

Umid Sh.: Men sizga topshiriq bermayapman. Men siz bilan ishlamayapman.

Zilola X.: Siz nega menga «na prinsip» qilayapsiz?

Umid Sh.: Sizning tabelingizga men qo‘l qo‘ymayman.

Zilola X.: Mayli, qo‘l qo‘ymasangiz.

Umid Sh.: O‘shaning uchun men bilan talashmang. Men sizga yomonlik ravo ko‘rmayapman. Gap yo‘q, maqsadingiz «dekret»ga chiqib ketishmi? Xohlagan bitta tashkilotingizdan chiqib keting.

Zilola X.: Yo‘q, men shu yerdan chiqib ketaman.

Umid Sh.: Bu yerdan chiqib keta olmaysiz. Menga ish kerak. Bu yerda kechasi bilan o‘tirib, ishlaydigan odam kerak. Menga «prinsip»ga ketmang xo‘pmi?

Zilola X.: Men «prinsip»ga ketmayapman. Aka, menga asabiylashish mumkin emas. Bir emas, necha marta asabiylashtirayapsiz.

Umid Sh.: Men bilan ishlasangiz «tem boleye» asabiylashasiz (ovozini balandlatib).

Zilola X.: Menga ish ham kerak (ovozini balandlatib).

Umid Sh.: Sizga bola kerakmi? Tinchlik kerakmi? Menga-chi kekirdagingni cho‘zmasdan gapir, tushundingmi? (baqirib gapirdi).

Zilola X.: Nimaga menga baqirasiz, baqirmang.

Umid Sh.: Kekirdagingni cho‘zmasdan gapir, tushundingmi? (Bor ovozda baqirib). Men bilan unaqa gaplashma.

Zilola X.: Menga baqirmang! (Bor ovozda baqirib).

Umid Sh.: Tushundingmi? Menga bunaqa gapirishga, hech kim senga vakolat bergani yo‘q. (Bor ovozda baqirib)

Zilola X.: Sizga ham bergani yo‘q.

Umid Sh.: Men seni tabelinga qo‘l qo‘y-may-man. (Bor ovozda baqirib).

Zilola X.: Mehnat kodeksiga asosan gaplashaman men siz bilan.

Umid Sh.: Bo‘ldimi, ketaver.

Zilola X.: Men ketmayman.

Umid Sh.: Yaxshilikcha o‘zingni joyingni top.

Zilola X.: Topmayman. Men shu yerdan dekretga chiqaman.

Umid Sh.: Bu yerdan chiqmaysan.

Zilola X.: Ko‘rasiz-ku.

Umid Sh.: Umuman ko‘rinma ko‘zimga.

11 yanvardagi yana bir suhbatda Olmaliq shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Umid Shoumarov xodimadan vaziyat nima bo‘lganini so‘raganida, Xasanboyeva 19 martdan ketishini aytib: «Agar, Umid aka, xo‘p desangiz, oxirgi yaxshiligingiz shu bo‘lsin, akajon» deydi. Shoumarovning «sizning maqsadingiz pul olish to‘g‘rimi», degan savoliga xodima «kreditimni yopish», deya javob beradi. So‘zi davomida u uch yildan keyin ham ishga chiqish istagini bildirmayotganini qo‘shimcha qiladi.

«Nimaga siz bunaqa muttahamlik nuqtai nazaridan o‘ylaysiz? „Shu kreditlarni yopishim kerak“, insofingiz bormi sizni? Davlatning puli-ku bu. Siz shu yerda foyda keltirmayapsiz-ku davlatga. Hech narsa qilmayapsiz-ku, Zilola. Bo‘lmasa hozir ishlarni berib tashlayman, qila olasizmi? Qila olmaysiz-ku. Men sizni 100-modda bilan bo‘shattiraman, agar mening gapimga quloq solmasangiz. Hozir sizga beraman topshiriqlarni, birortasini ham bajara olmaysiz-ku. Xizmat ko‘rsatishlar turlarini aytib bera olmadingiz-ku menga. Qanaqa xizmat ko‘rsatish turlari bor? Bir hafta oldin bergan savolimga javob bermadingiz, to‘g‘rimi? Shundan keyin aql kirib, „e, to‘xta, shuni rahbar so‘radi, kel o‘rganib qo‘yay“, deb o‘qib ham qo‘ymabsiz-ku, insofingiz bormi? Men sizga hozir bitta topshiriq beraman, kechgacha qila olmaysiz, ertaga yana bitta topshiriq beraman, kechgacha qila olmaysiz. 100-modda bilan chiqarib yuboraman, rozi bo‘lasizmi? Boring ,bloknot, ruchka olib chiqing, topshiriq bor sizga. Ko‘p topshiriq bor sizga», — deydi Umid Shoumarov.

Audioyozuvda Zilola Xasanboyeva xizmat turlarini bilmasligini rad etmagan. Lekin topshiriqlar bo‘lsa qo‘ldan kelguncha bajarayotganini va rahbariyat bilan bahslashib o‘tirish niyati yo‘qligini qo‘shimcha qilgan. Suhbat oxirida Shoumarovdan Mehnat kodeksiga asosan bo‘shatishini, boshqa hech qanday yordam so‘ramasligini aytgan. Va ish beruvchi talabidan so‘ng, bloknot va ruchka olib kelishga chiqib ketgan.

Mazkur holat bo‘yicha izoh olish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Umid Shoumarov bilan bog‘landi. Hokim o‘rinbosari Zilola Hasanboyeva o‘z vazifasini uddalay olmayotgani, 15 kunlab besabab ishga chiqmagani va buning uchun tibbiy ma’lumotnoma ham taqdim etmaganini, shunday bo‘lsa-da unga yordam berib kelayotganini, boshqa joydan ish topib berishini aytganini, ularning bo‘limi yopilib ketgani va uning o‘rniga boshqa tuzilma tashkil etganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Xasanboyeva va yana bir xodim sinov muddatidan hamda qayta suhbatdan o‘ta olmagan.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 84-moddasida sinov muddatidan o‘tmaydiganlar qatorida homilador ayollar kiritilgani haqida bilish yoki bilmasligi so‘ralganida, Shoumarov homiladorlikning bu masalaga aloqasi yo‘qligini hamda u bo‘lim to‘liq yopilib ketganini aytib, yangi strukturaga «Boshqatdan shunga qabul qildik», deya javob berdi. U., shuningdek, xodimasiga nisbatan tazyiq o‘tkazmaganini, nafaqat Hasanboyevani, balki boshqa xodimlarini ham «hattoki sensirab gapirmasligini» aytgan. Shoumarovning ta’kidlashicha, qo‘l ostidagi xodimasiga barchasi tushuntirilgan, u esa uzr so‘ragan. «Noto‘g‘ri qilibman, aybdorman, dedi. Qila olmagan ishlarini gapirsam tan olayapti», — deya ma’lum qildi.

Umid Shoumarov muxbir bilan suhbatda 14 yanvar sanasiga barcha masala hal etilganini, Zilola Hasanboyeva martgacha ish joyida qolishini, so‘ngra «dekret»ga chiqishini qo‘shimcha qildi. «U dekretga chiqqanidan keyin 5 oy boshqa xodim ololmaymiz. 4 kishi uni ham ishini qilishiga to‘g‘ri keladi», dedi. Bundan tashqari, muxbirning hokimiyat xodimlari kechasi ham ishlashini qanday izohlashini so‘raganida, u «Shaxsan men 1−2 gacha ishlayman. Xodimlar vazifasini bajarmagan bo‘lsa, qolib tugatadi. Xohlagani vaqtliroq ham ketadi», — dedi.

«Gazeta.uz» muxbiri Zilola Hasanboyeva bilan ham telefon orqali suhbat qilib, bir qancha holatlarga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, noyabr oyida 15 kun shifoxonada «soxraneniya»da yotgan, kadrlar bilan ishlovchi Shaxnoza ismli xodimaga murojaat qilganida, unga ma’lumotnoma shart emasligini, rahbariyatni o‘zi ogohlantirib qo‘yishini aytgan. U, shuningdek, kreditlariga oid gap-so‘zlarga ham to‘xtalib o‘tdi. «Ikkita kreditim bor, bittasi 8,6 mlnlik, ikkinchisi 3,5 mln so‘mlik. Erim ishlamaydi, o‘shaning uchun «dekret»ga chiqishim kerak», — dedi. Qolaversa, Shoumarovning ishni eplay olmaslik haqidagi fikrini rad etib, uning vazifasini qanchalik uddalay olishini Toshkent viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Aripov yaxshi bilishini, xattoki, bir necha bor, Shoumarovga ishdan haydash fikrigacha qarshi chiqqanini ma’lum qildi.

Mazkur surishtiruv davomida «Gazeta.uz» bir tomonga yon bosmaslik maqsadida har ikki tomonning fikrini to‘liq o‘rganishga harakat qildi. Tegishli vazirlik va tashkilotlarning mutaxassislari bilan ham bog‘lanib, ularning nuqtai nazari bilan ham tanishib chiqdi. Natijada maqola tayyorlanish jarayonida tahririyatga quyidagi xabarlar kelib tushdi.

Zilola Hasanboyevaning aytishicha, ushbu voqealardan, ya’ni, video tarqalgach, uning bevosita rahbari xonasiga chaqirgan. «Video ijtimoiy tarmoqda tarqalgandan keyin xonalariga chaqirib, «nima yordam kerak bo‘lsa beramiz, siz shu yerdan «dekret»ga chiqasiz», dedi, lekin men ularning gapiga ishonmayman», — dedi xodima. U, shuningdek, hokimning birinchi o‘rinbosari qonunchilikda belgilangan tarzda javobgarlikka tortilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

Zilola Hasanboyevaning «Gazeta.uz»ga 15 yanvar kuni ma’lum qilishicha, Olmaliq shahar hokimi uni qabul qilib, masalasini ijobiy hal etilishini aytgan. Qolaversa, Toshkent viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Aripov ham unga qo‘ng‘iroq qilib, ishdan bo‘shatilmasligini ma’lum qilgan. Mazkur ma’lumotni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati rahbari Dildora Jo‘rayeva ham tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida, Mehnat kodeksining 84-moddaсиga binoan «Homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar … ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi». Kodeksning 100-moddaсиda esa Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish qayd etilgan. Yuqoridagi holatda moddaning 2-qismiga asosan «xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi» fakti bilan ishdan bo‘shatilishi aytilgan.

«Gazeta.uz»ga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Mehnat kodeksining 237-moddaсиga asosan, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi.

Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

Vazirlik kodeks talablarini mensimagan mansabdor shaxslarga nisbatan ko‘riladigan choralarga to‘xtalib o‘tgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. 1136-sonli Nizomning 79-бандиga muvofiq esa homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda bola tug‘ilganda bir martalik nafaqani to‘lash majburiy bo‘lib, korxona rahbari undan bosh tortishga haqli emas.

«Gazeta.uz» yuqoridagi holatlar qonunchilikda belgilangan tarzda ko‘rib chiqilishi yuzasidan Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayevaga, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent viloyati hokimligiga so‘rov yubordi.