Makro supermarketlar tarmog‘i boshqaruvchisi Roman Sayfulin Fransiyaning Carrefour savdo tarmog‘i Compass va Samarqand Darvoza’dagi Makro supermarketlari o‘rnida ochilishiga munosabat bildirdi. Bu haqda Spot xabar berdi.

«Yil kompaniyamiz uchun Carrefour’ning Compass va Samarqand Darvoza savdo-ko‘ngilochar markazlaridagi Makro supermarketlari o‘rnida do‘konlarini ochishi borasidagi kutilmagan bayonot bilan boshlandi, ayniqsa yakunlanmagan shartnomalarni hisobga olganda», — dedi u.

Sayfulin yuqorida nomlari keltirilgan savdo-ko‘ngilochar maskanlaridagi (SKM) Makro supermarketlari ushbu maskanlarning birinchi ish kunidan ochilganini ta’kidladi.

Xabarga ko‘ra, hozirda SKM rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda. «Vaziyat bo‘yicha mening sub’ektiv fikrim shunday — Makro kompaniyasi mazkur savdo-ko‘ngilochar markazlarining uzoq muddatli va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan hamkori sifatida ijarachining qonunchilik bilan mustahkamlangan ustun huquqlariga talabgor bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham qabul qilingan qaror imzolangan shartnoma va amaldagi qonunchilikka mos keladi».

«Makro Compass’dan ketadimi? Shuni aytishim mumkinki, hozircha nuqta qo‘yilgani yo‘q, biroq hamon ushbu do‘konni sotish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda. Samarqand Darvoza’ga keladigan bo‘lsak, barcha harakatlarimiz SKM rahbariyati bilan o‘tkazadigan muzokaralarimiz natijasiga bog‘liq bo‘ladi, ushbu masala bo‘yicha bahsli holat yuzaga kelsa, qonunchilik doirasida tartibga solinadi», — dedi Sayfulin.