Abduhakim Hojiboyev Daryo nashriga ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi o‘lim statistikasi faqat rasmiy so‘rov bo‘lgan paytdagina e’lon qilinadi.

«Bu sir emas-ku, agar siz aytgan statistikani kimdir so‘rasa, ma’lumot beriladi», — dedi vazir. Shu o‘rinda, Abduhakim Xojiboyev dastavval Statistika qo‘mitasiga tegishli savollarga javob bermasligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning avgust oyidan beri Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etmaganligi haqida xabar bergan edik.

Shu o‘rinda, Adliya vazirligi esa Davlat statistika qo‘mitasida barcha ma’lumotlar mavjudligini aytgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘rovga javob bermagan edi.

«Gazeta.uz»ning Davlat statistika qo‘mitasidagi manbasi oylik o‘lim holatlari statistikasi har keyingi oyning ilk 15 kuni ichida tuzilishi aytilgan. Masalan, sentyabr oyi statistikasi 15 oktyabrgacha, oktyabr uchun esa 15 noyabrgacha tayyor bo‘lishi kerak. «Gazeta.uz»ning avgust va sentyabr oylaridagi o‘lim ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi bir nechta so‘rovlariga javoban qo‘mita mas’ul vazirliklarning hali ham ma’lumot yubormaganliklari haqida xabar qilgan.

«Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanib, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sababli o‘lganlar soni iyul oyida 26,4 foizga, Toshkent shahrida esa 2,6 martaga oshganini hisoblab chiqqandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘limning ko‘payishi sabablari to‘g‘risida tahririyatning so‘roviga hech qanday javob bermadi.