2021 yil yanvaridan boshlab Toshkent shahridagi jamoat transportlarida imtiyoz asosida transportda harakatlanish huquqiga ega bo‘lgan yo‘lovchilar — o‘quvchilar, talabalar va nafaqaxo‘rlar uchun transport kartalari joriy etildi.

25 dekabr kuni Toshkent transport departamenti «Gazeta.uz»ga naqd to‘lovlar bekor qilinmasligi to‘g‘risida xabar berdi. Bundan tashqari, transport kartalariga bosqichma-bosqich o‘tish uchun «Toshshahartransxizmat» AJ yo‘lovchi tashish operatori oylik yo‘lovchi chiptalarni bugungi ko‘rsatkichning 50% miqdorida chiqarishni rejalashtirmoqda. Fevral oyidan boshlab yo‘lovchi chiptalarini sotish to‘xtatiladi.

Shunga qaramay, yo‘riqnoma transport kartalariga o‘tuvchi barcha jamoat transporti yo‘lovchilari uchun dolzarbligicha qolmoqda.

Maqolada quyidagi savollarga javob topasiz:

Transport kartasi nima?

Qanday transport kartalari mavjud?

Imtiyozli transport kartasi oddiy transport kartasidan nimasi bilan farq qiladi?

Transport kartasini qayerdan sotib olish mumkin?

Transport karta balansini qanday to‘ldirish mumkin?

Transport kartasi orqali to‘lov qanday amalga oshiriladi?

Kartani uyda unutib qoldiribman. Qanday yo‘l tutishim kerak?

SMS-xabarnoma xizmatini qanday faollashtirish mumkin?

Mobil telefon orqali to‘lov qanday amalga oshiriladi?

Men transport kartamni yo‘qotib qo‘ydim. Unda juda ko‘p pul bor edi. Qanday yo‘l tutishim kerak?

Menda smartfon yo‘q. Balansimni qanday bilishim mumkin yoki yo‘qolgan taqdirda kartani bloklashim mumkinmi?

Mening kartam ishdan chiqdi. Nima qilish kerak?

Qisqa muddatga mehmonlarim kelishdi. Ularga ham transport karta kerakmi?

Transport to‘lovlari orasida 6 daqiqa nima degani? Agar ikki daqiqadan so‘ng boshqa avtobus yoki metroda bo‘lsam, unda nima bo‘ladi?

Men telefon raqamimni o‘zgartirdim. Transport kartasini yangi raqamga qanday bog‘lash mumkin?

Tarif rejalari

Men tarif sotib olmoqchi emasman. Bir martalik yo‘l haqini to‘lay olamanmi?

Men transport kartasini sotib olishni xohlamayman. Aloqasiz yo‘l haqini to‘lashning boshqa usullari bormi?

Transport kartasi nima?

Yagona transport kartasi — bu NFC texnologiyasiga ega aloqasiz karta. Unda amal qilish muddati — uch yil ekanligi ko‘rsatilgan. Karta unda ko‘rsatilgan oy oxirigacha amal qiladi.


Karta 2022 yil dekabr oxirigacha amal qiladi.

Kartaning orqa qismida QR-kod mavjud. U atto.uz saytiga «olib kiradi», u yerda ro‘yxatdan o‘tishingiz va agar kartangiz telefon raqamiga bog‘langan bo‘lsa, uning ma’lumotlarini bilib olishingiz mumkin.


Hozirda transport kartasidan «Toshshahartransxizmat» kompaniyasining avtobuslarida (yashil avtobuslarda) va barcha metro stansiyalarida to‘lovni amalga oshirish mumkin. Kelgusida transport kartasi imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Qanday transport kartalari mavjud?

Hozircha faqat bir turdagi transport kartasi mavjud — aholi uchun ko‘k rangli karta.

Yangi yildan boshlab «Toshshahartransxizmat» va Toshkent transport boshqarmasi imtiyozli harakatlanish huquqiga ega bo‘lgan yo‘lovchilar — o‘quvchilar, talabalar va nafaqaxo‘rlar uchun transport kartalarini joriy etishi ko‘zda tutilgan. Ushbu kartalar tegishli ravishda yashil, sariq va qizil ranglarda bo‘ladi.

Imtiyozli transport kartasi oddiy transport kartasidan nimasi bilan farq qiladi?

Imtiyozli harakatlanuvchilar uchun transport kartasi karta egasining nomiga va yo‘lovchiga imtiyozli harakatlanish huquqini beruvchi hujjat — nafaqa yoki talabalik guvohnomasiga bog‘langan bo‘ladi.

Muhim ma’lumot. 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga qonuniy vakilning pasporti, bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat bo‘yicha transport kartasi beriladi.

«Imtiyozchi"lar uchun transport kartasi tarif rejasini 50% chegirma bilan — yarim narxda sotib olish huquqini beradi.

Transport kartasini qayerdan sotib olish mumkin?

Aholi transport (ko‘k) kartalarini metro chiptaxonalaridan va oylik yo‘lovchi chiptalarini sotib olish shahobchalaridan xarid qilish mumkin. Shaharda 90ga yaqin shunday shahobchalar mavjud. Hozirda bunday chiptalar 15 ming so‘m turadi, shundan 5 ming so‘mi transport kartasi balansiga o‘tkaziladi.

11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Transport boshqarmasi boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev imtiyozli harakatlanuvchilar uchun transport (yashil, sariq va qizil) kartalarini oylik yo‘lovchi chiptalarni sotish joylarida (tumanlar bo‘yicha shahobchalar ro‘yxati) yoki «Toshshahartransxizmat» ofisida olish mumkinligini ta’kidladi (manzil).

TSHTX tushuntirishicha, «imtiyozchilar» uchun kartalar metro chiptaxonalarida sotilmaydi, chunki talabalar va nafaqaxo‘rlar hujjatlarni taqdim etishlari kerak, kassalar esa bir vaqtning o‘zida nafaqaxo‘rlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga ulgurmaydi.

O‘quvchilar, talabalar va nafaqaxo‘rlar ATTO aksiyasi doirasida imtiyozli transport kartalarini bepul olishadi. Ular faqat tarif rejasini sotib olishlari kerak. Tarif rejalari to‘g‘risida quyida ma’lumot keltiriladi.

Transport karta balansini qanday to‘ldirish mumkin?

Metropolitenning barcha kassalarida, oylik yo‘lovchi chiptalarni sotish shahobchalarida va Uzcard kompaniyasiga qarashli infokiosklar tarmog‘ida. Infokiosklarda Kapitalbank deb yozilgan. «Kapital Bank»ga tegishli infokiosklar sizga to‘g‘ri kelmaydi. Bu infokiosklarda transport kartasi balansini tekshirish mumkin, lekin uni to‘ldirib bo‘lmaydi.

«Kapital Bank» infokiosklarini UzCard infokiosklaridan interfeys orqali ajratish mumkin. «Kapital Bank»da fon oq rangda va xizmat ikki tilda. UzCard ko‘k fonda va uch tilda. Infokiosklar xaritasi ATTO Uz (Android, Apple) ilovasida «Kiosklar» bo‘limida, shuningdek atto.uz saytida mavjud.

Infokiosklarda bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:

Balansni to‘lov ilovalari, shu jumladan, bank ilovalari orqali ham to‘ldirish mumkin. ATTOning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu funksiya quyidagi dasturlarda mavjud: Click, Payme, Apelsin, MyUzcard, UPay, Ipak Yo’li Mobile, MKB Mobile («Mikrokreditbank»), OSON, Tenge Lite (Tenge bank), Universal Mobile («Universalbank»), Ravnaq Bank, InfinBank, Aloqa Mobile, Savdogarbank Mobile, My Uzcard, Davrbank, Hamkor Mobile, Agrobank Mobile, PSB («O‘zsanoatqurilishbank»).

To‘lov dasturlari orqali karta balansini to‘ldirish uchun қидирuв satrida lotin harflarida «ATTO» so‘zini tering, transport kartasi raqamini kiriting.

Balansni shuningdek, ATTO.Uz ilovasi (PlayMarket, AppStore) yordamida to‘ldirish mumkin. Buning uchun asosiy menyuda «Balansni to‘ldirish»ni tanlash va bank kartasini qo‘shish orqali uni ilovaga bog‘lash yoki bank kartasi rekvizitlarini kiritib, uni saqlamasdan balansni to‘ldirish kerak.

Transport kartasi orqali to‘lov qanday amalga oshiriladi?

Avtobusda kartani mobil yoki statsionar validatorga bosish kerak. Odatda bu ish konduktorlar tomonidan amalga oshiriladi. ATTO yo‘lovchilardan boshqa yo‘lovchilarning kartalari bilan adashtirib yubormasliklari uchun konduktorlarga kartani bermasliklarini so‘raydi.

Metroda kartani turniketdagi validatorga bosish va yashil belgini kutish kerak. Agar validator ekrani qizil rangda yonsa, karta balansi salbiy bo‘lishi yoki karta bloklangan bo‘lishi mumkin. Sariq rang, oxirgi to‘lovdan 6 daqiqadan kam vaqt o‘tganini anglatadi.

Svetoforning ranglari bizning yo‘riqnomamizda tag‘in ham keltiriladi, shuning uchun to‘lov holatini tekshirishning ushbu usulini «svetofor» deb ataymiz.

Kartani uyda unutib qoldiribman. Nima qilishim kerak?

Agar siz transport kartangizni uyda unutgan bo‘lsangiz yoki uni cho‘ntagingizda izlashni xohlamasangiz, yo‘l haqini mobil telefoningiz orqali to‘lashingiz mumkin.

Avvalo, ATTO.Uz (PlayMarket, AppStore) mobil ilovasini yuklab olish va o‘rnatish zarur. Keyin dasturda ro‘yxatdan o‘tish kerak. Buning uchun kod bilan SMS-xabar keladigan telefon raqamini kiritish kerak.

Transport kartangiz ma’lumotlarini kiritganingizda, u ushbu telefon raqamiga va shu qurilmadagi dastur tizimiga ulanadi. Endi kartani boshqa qurilmadagi ilovaga bog‘lay olmaysiz.

Mobil qurilmaning operatsion tizimiga qarab, asosiy menyuda mobil telefon orqali to‘lash usullari ro‘yxati keltirilgan: «Metroda QR-kod orqali to‘lash» va OS Android qurilmalari uchun «NFC orqali to‘lash» hamda iOS qurilmalari uchun «Metroda QR-kod orqali to‘lash».


Chap tomonda — Androidda ilova interfeysi, o‘ngda — iOSda. SMS Info xizmati ulanmagan.

Muhim ma’lumot. Agar transport kartasi SMS-xabarnoma xizmatiga ulanmagan bo‘lsa, metroda ham, avtobusda ham yo‘l haqini mobil telefoningiz bilan to‘lay olmaysiz.

Agar siz to‘lovni doim mobil telefoningiz orqali amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, SMS-xabarnomani faollashtirishingiz kerak. Aynan shu joyda eng qiyin jarayon boshlanadi.

SMS-xabarnoma xizmatini qanday faollashtirish mumkin?

SMS-xabarnoma xizmati foydalanuvchilar uchun bepul. Barcha xarajatlar ATTO tomonidan qoplanadi. Uni oylik yo‘lovchi chiptalarni sotish shahobchalarida (tumanlar bo‘yicha shahobchalar ro‘yxati), yer usti metrosining kassalarida (ayni paytda Xalqa yo‘lining barcha bekatlarida) ulash mumkin.

SMS-xabar xizmatini yerosti bekatlari kassalarida faollashtirishning imkoni yo‘q, chunki ko‘rsatilgan telefon raqamiga tasdiqlash kodi bilan SMS-xabar kelishi kerak.

SMS-xabarnoma xizmatini atto.uz saytida joylashuv manzillari ko‘rsatilgan infokiosklarda va mobil ilovaning «Kiosklar» bo‘limida faollashtirish ham mumkin. Muammo shundaki, barcha terminallarda ushbu funksiya ishlamaydi yoki terminallarning barisi ham ishlamaydi.

ATTO kompaniyasi ta’kidlashicha, SMS-xabarnoma xizmatini ulashga imkon beradigan deyarli barcha infokiosklar sariq rangga ega va Kapital Bankga tegishli. Ularda «Kapital bank» yozilgan, lekin ular UzCardga tegishli.

Muhim: SMS-xabarnoma xizmatini faqatgina UzCard infokiosklari orqali yoqtirish mumkin. «Kapital Bank» infokiosklarini UzCard infokiosklaridan interfeys orqali ajratish mumkin. «Kapital Bank»da fon oq rangda va xizmat ikki tilda. UzCard ko‘k fonda va uch tilda.

Sizga kartani qabul qiluvchi moslama bilan jihozlangan infokiosk kerak — unga shunchaki karta kiritiladi xolos.


Kartani «yutib oladigan» infokiosk emas.


Infokiosk orqali SMS-xabarnoma xizmati shu tarzda faollashtiriladi:

Mobil telefon orqali to‘lov qanday amalga oshiriladi?

SMS-xabarnoma ulandi, ATTO.UZ mobil ilovasi esa o‘rnatildi. Endi to‘lovni mobil telefonda amalga oshirish mumkin.

Avtobusda harakatlanish uchun telefon orqali to‘lash

Muhim ma’lumot. Agar sizda iPhone bo‘lsa, siz avtobusda telefoningiz bilan to‘lay olmaysiz.

Avtobusda faqat Android telefon bilan to‘lovni amalga oshirish mumkin, chunki to‘lov ATTOda Apple mahsulotlarida bo‘lmagan NFC tizimi orqali o‘tadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, iOS mobil telefonlarida NFC ulanishi uchun Apple kompaniyasi sertifikatini olish zarur. Ushbu jarayon ATTOning istiqbol rejalaridan biri, biroq u juda uzoq davom etishi mumkinligi kompaniya tomonidan ta’kidlanmoqda.

Avtobusda Android telefoni orqali to‘lash uchun quyidagilar kerak:

  • ATTO Uz ilovasini ochish;
  • asosiy menyuda «NFC orqali to‘lash»ni tanlash;
  • va uch daqiqa davomida telefonni orqa tomoni bilan mobil yoki statsionar validatorga bosish.

To‘lov holatini «svetofor» usuli yordamida tekshiramiz.

Hozircha statsionar validatorlarning hammasi ham NFC to‘lovlarini qabul qilmaydi. Buning uchun barcha statsionar validatorlarning dasturiy ta’minotini yangilash zarur. ATTO naqd to‘lovlarni bekor qilish e’lon qilingan vaqtga kelib, barcha qurilmalarni yangilashni va’da qilmoqda.

Metroda telefon orqali to‘lov

Metroda to‘lovlarni Android va iOS qurilmalari bilan amalga oshirish mumkin. To‘lov variantlarini tahlil qilamiz.

Android qurilmalarida NFC to‘lovlari

Android qurilmalari metroda NFC va noyob QR-kod yordamida to‘lashga imkon beradi. Buning uchun Internet zarur. Agar siz Metrotelecom abonenti bo‘lmasangiz (metro stansiyalarining yer osti yo‘laklarida internetga kirish imkoni yo‘q), unda ba’zi operatsiyalarni yer ustida bajarish kerak.

NFC orqali to‘lovni amalga oshirish uchun quyidagilar kerak:

  • ATTO dasturini ochish — yer ustida;
  • asosiy menyuda «NFC orqali to‘lash»ni tanlash — yer ustida;
  • telefonning orqa qismini turniketdagi validatorga bosish uchun sizda uch daqiqa vaqt bo‘ladi.

Metrotelecom abonentlari metroning yer osti metro yo‘laklarida dastlabki ikki qadamni bajarishlari mumkin. Yerusti yo‘laklarda barcha funksiyalar faol internet bilan ishlaydi.

Metro yo‘l haqini QR-kod orqali telefonda to‘lash — Android va iOS

QR-kod orqali to‘lov faqat metroda, Android va iOS mobil qurilmalarida ishlaydi.

QR-kod orqali to‘lash uchun ham internetga ulanish talab qilinadi. Agar siz Metrotelecom abonenti bo‘lmasangiz, operatsiyalarning bir qismi yer ustida bajarilishi kerak.

QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirish uchun quyidagilar kerak:

  • ATTO dasturini ochish — yer ustida;
  • asosiy menyuda «Metroda QR-kod orqali to‘lash»ni tanlash, so‘ngra metro stansiyalaridan birini tanlash — yer ustida;
  • mobil telefoningiz ekranidagi QR-kodni turniketdagi QR-kod rideriga ko‘rsatish uchun sizda uch daqiqa vaqt bo‘ladi.


Turniketdagi QR-kod rideri (o‘qish moslamasi) yuqoridagi ko‘k rangli doirada, uning ostida validator joylashgan.

Metrotelecom abonentlari metroning yer osti metro yo‘laklarida dastlabki ikki qadamni bajarishlari mumkin. Yerusti yo‘laklarda barcha funksiyalar faol internet bilan ishlaydi.

Muhim ma’lumot. Metro uchun QR-kodlari faqat tanlangan metro bekatida amal qiladi.

Men transport kartamni yo‘qotib qo‘ydim. Unda juda ko‘p pul bor edi. Nima qilishim kerak?

Kartani bloklash. 78−140−08−08 telefon raqamiga — Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Yoki kartani ATTO.Uz ilovasida bloklash mumkin. Kartani topgan kishi bloklangan karta bilan to‘lov qila olmaydi.

Muhim ma’lumot. Agar sizning kartangiz ATTO.Uz ilovasiga bog‘lanmagan bo‘lsa, kartani topgan shaxs uni mustaqil bog‘lashi mumkin. Transport kartalarini ATTO.Uz ilovasiga faqat bitta qurilmada ulash mumkin. Agar siz mobil ilovadan foydalanishni xohlamasangiz, xavfsizlik maqsadida SMS-xabarnoma xizmatini yoqishingiz mumkin. Shunda transport kartasi yo‘qolgan taqdirda, uni topgan kishi, SMS-xabarnoma xizmati ulangan telefon raqamiga yuboriladigan kodni kiritmasa, kartani ATTO.Uz ilovasida ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.


Muhim ma’lumot. Ilova orqali kartani bloklash uchun uning balansi 1400 so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak, aks holda ochiladigan menyuda «Bloklash» funksiyasi paydo bo‘lmaydi.

Pul mablag‘larini yangi kartaga qaytarish uchun ATTO ofisiga (joylashuv) borishga to‘g‘ri keladi. Ammo kompaniyada buni vaqtinchalik deyishmoqda.

Yaqinda foydalanuvchilar mablag‘ni kartadan kartaga o‘tkaza oladilar, keyin pulni qaytarish uchun ofisga borishning hojati bo‘lmaydi.

Kartani blokdan chiqarish uchun ochiladigan menyuda «Blokdan chiqarish»ni tanlash lozim.

Menda smartfon yo‘q. Balansimni qanday bilishim mumkin yoki yo‘qolgan taqdirda kartani bloklashim mumkinmi?

Agar siz transport kartangizni yo‘qotib qo‘ysangiz, ATTO Call-markazi — 78−140−08−08 raqamiga murojaat qiling. Balansni Infokiosklarda (infokiosklar xaritasi atto.uz saytida mavjud), barcha metro chiptaxonalarida, oylik chiptalarni sotish shahobchalarida yoki ATTO Call-markazlariga qo‘ng‘iroq qilish orqali bilish mumkin.

Mening kartam ishdan chiqdi. Nima qilish kerak?

Kartaning ishlamay qolishi ikki sababga ko‘ra sodir bo‘lishi mumkin: karta mexanik ta’sir tufayli yoki elektromagnit hamda harorat ta’sirida shikastlangan.

Transport kartalari foydalanuvchilari kartalarni saqlash va ulardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlari darkor.

Kartani mobil telefon, maishiy va ofis jihozlari bilan birga, shuningdek metall buyumlar va boshqa magnit tashuvchilar / qurilmalar yonida saqlash tavsiya etilmaydi. Bular jahon standartining qoidalari.

Agar transport kartasi baribir buzilgan bo‘lsa, kartani almashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar olish uchun ATTO Call-markazi — 78−140−08−08 raqamiga murojaat qilish kerak. Buzilgan transport kartasini almashtirish uchun foydalanuvchi birinchi marta murojaat qilganida yangisi bepul taqdim etiladi. Eski kartadagi mablag‘ yangisiga o‘tkaziladi.

Qisqa muddatga mehmonlarim kelishdi. Ularga ham transport karta kerakmi?

Agar mehmonlar transport kartasini sotib olishmasa, har bir yo‘lovchi uchun to‘lovlar oralig‘ida 6 daqiqa kutish kerak bo‘ladi. Dastlab, bu yo‘lovchi tasodifan yo‘l haqini ikki marta to‘lamasligi uchun zarur bo‘lgan.

Boshqa sabablari ham bor. ATTO kompaniyasida bu haqda quyidagi izoh keltirildi:

«Biz kartaga insonning shaxsiy vositasi sifatida qaraymiz. Agar Sizda qog‘oz harakatlanish chiptasi bo‘lsa, undan ikki yoki uch kishi bir vaqtning o‘zida foydalanmaydi. Agar transport kartasi har bir yo‘lovchining transport uchun to‘lashning individual vositasi sifatida shakllanmasa, rejalashtirilgan cheksiz va ko‘chma tariflarining funksionalligi deyarli imkonsiz bo‘ladi».

Bundan tashqari, ATTO mutaxassislari jamoat transportidan foydalanishni tahlil qilish va ushbu ma’lumotlarni transport departamentiga taqdim etish uchun yo‘lovchilar qanday harakatlanayotganini ko‘rishlari kerak, bu esa o‘z navbatida yangi yo‘nalishlarni ochadi, yo‘lni o‘zgartiradi, foydasiz yo‘nalishlarni yopadi va yangi tarif rejalarini joriy qiladi.

Kompaniyada, transport kartalaridan bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘lovchilarning foydalanishi statistikani buzadi, deyilmoqda.

Transport to‘lovlari orasida 6 daqiqa nima degani? Agar ikki daqiqadan so‘ng boshqa avtobus yoki metroda bo‘lsam, unda nima bo‘ladi?

To‘lovlar orasidagi 6 minutlik cheklov bitta validator orqali amalga oshirilgan to‘lovlarga qo‘llaniladi. Uch eshikli avtobuslarning aksariyati allaqachon bitta statsionar validator bilan jihozlangan, har bir konduktor mobil validatorga ega. Hozirgi kunda bir yo‘nalishning statsionar va mobil validatori endilikda turli xil qurilmalar hisoblanadi. Aslida, bir avtobusda turli xil validatorlar orqali ikki kishilik to‘lov amalga oshirilishi mumkin.

ATTO uch eshikli avtobuslarning barcha eshiklariga statsionar validatorlar o‘rnatilganda, bitta validator asosiy, qolgan ikkitasi esa qo‘shimcha sifatida qabul qilinishini xabar qildi.

Muhim ma’lumot. Metropolitenda 6 daqiqalik limit ham bitta validatorga tegishli. Agar yo‘lovchi validatorda muvaffaqiyatli to‘lov (yashil tasdiq belgisi)ni ko‘rsa, unda tranzaksiya muvaffaqiyatli bo‘lgan. Turniketning qotib qolishi to‘lov amalga oshmaganligini bildirmaydi. Картаni boshqa validatorga bosishning keragi yo‘q — bunda siz ikki marotaba yo‘l haqini to‘laysiz. Metro nazoratchisi yo‘lovchini boshqa turniketga yo‘naltirmasdan, uni karta bosilgan turniket orqali o‘tkazishi kerak. Navbatchi nazoratchiga to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini transport / bank kartasini yoki telefonni ochilmagan turniketdagi validatorga qayta bosib isbotlash mumkin. Validator ekranida yo‘l haqi to‘lovining aniq vaqti ko‘rsatiladi.

Men telefon raqamimni o‘zgartirdim. Transport kartasini yangi raqamga qanday bog‘lash mumkin?

Dastlab, uchta nuqtani bosish yo‘li bilan kartani ilovadan o‘chiring.


Ilovani o‘chirib tashlang va yangi telefon raqamiga ro‘yxatdan o‘tish orqali qayta ulang. Transport kartani ro‘yxatdan o‘tkazing.

SMS-xabarnoma xizmatini yangi telefon raqamiga ulash uchun infokioskda SMS-xabarnomani o‘chiring va uni qayta ulang.

Tarif rejalari

1 yanvardan boshlab Toshkent transport boshqarmasi 5, 10, 15, 20 va 30 kunlik tarif rejalarini joriy qilmoqda.

Muhim ma’lumot. Yanvar oyida faqat 30 kunlik tarif rejasini xarid qilish mumkin bo‘ladi.

30 kunlik tarif rejasi oylik chipta narxiga teng:

  • 166 ming so‘m — imtiyozli harakatlanish huquqiga ega bo‘lmagan aholi uchun — avtobusva metro;
  • 120 ming so‘m — imtiyozli harakatlanish huquqiga ega bo‘lmagan aholi uchun — avtobus.
  • 83 ming so‘m — nafaqaxo‘rlar, talabalar va o‘quvchilar uchun — avtobus va metro.
  • 60 ming so‘m — nafaqaxo‘rlar, talabalar va o‘quvchilar uchun — avtobus.

Tarif rejalaridan foydalanishda harakatlanish va transportdan transportga o‘tishlar soni cheklanmaydi. Ammo bu bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘lovchilar uchun haq to‘lash mumkinligini anglatmaydi. ATTO ta’kidlashicha, bugungi kunda bir necha kishi bir oylik yo‘l chiptasidan ham foydalana olmaydi.

Tasavvur qilaylik. Sizda transport kartasi bor va 5 kunlik to‘plam sotib olingan. Do‘stingiz bilan avtobusga chiqdingiz va ikki kishi uchun bitta transport kartasi bilan to‘lamoqchi bo‘ldingiz. Siz kartani mobil yoki statsionar validatorga bosib, o‘zingiz uchun yo‘l haqini to‘ladingiz. Agar 6 daqiqadan so‘ng siz xuddi shu validatorga kartani bosib, do‘stingiz uchun ham to‘lamoqchi bo‘lsangiz, kartangizdan 1400 so‘m yechib olinadi. Agar balansda mablag‘ bo‘lmasa, karta qora ro‘yxatga kiritiladi. Ammo, agar siz kartani o‘sha avtobusdagi boshqa validatorga bossangiz, u holda to‘lov tarif rejasi doirasida hisoblanadi.

Metroda ham xuddi shu qoida qo‘llaniladi, chunki har bir turniket qolganlaridan mustaqil validator hisoblanadi.

Muhim ma’lumot. Oyning birinchi kunidan oxirgi kunigacha foydalanishga mo‘ljallangan an’anaviy yo‘lovchi chiptalaridan farqli o‘laroq, transport kartalarining tarif rejalari birinchi tasdiqlash kunida (n) faollashtiriladi.

Bu nimani anglatadi?

Aytaylik, siz 1 yanvar kuni 30 kunlik tarif rejasini sotib oldingiz, ammo 15 yanvargacha jamoat transportidan foydalanishni boshlamaysiz. Demak, 15 yanvar — bu birinchi tasdiqlash kuni va tarif 15 fevralda tugaydi.

Men uchun tarif rejasini sotib olish har doim ham foyda keltirmaydi. Boshqa to‘lov yo‘llari bormi?

Ha. Shunchaki transport karta balansini to‘ldiring va yo‘l haqini belgilangan tarif bo‘yicha to‘lang — har bir manzil uchun 1400 so‘m.

Tarif rejasini oldindan sotib olib, uni yoqishdan oldin belgilangan tarif bo‘yicha to‘lay olamanmi?

Yo‘q. Agar siz 5, 10, 15, 20 yoki 30 kunlik tarif rejasini sotib olgan bo‘lsangiz, sizda belgilangan tarif bo‘yicha to‘lov rejimiga o‘tish imkoni yo‘q.

Men talaba / nafaqaxo‘r / maktab o‘quvchisiman. Yilning faqat ma’lum oylarida tarif rejasini sotib olish men uchun manfaatli. Demak, men bir martalik yo‘l haqini — har bir manzil uchun 1400 so‘m to‘lashim uchun aholi ko‘k kartasini sotib olishim kerakmi?

Imtiyozli karta uchun tarif rejasini sotib olish shart emas. U ham 1400 so‘m to‘lanishi orqali aholi oddiy kartasi kabi bir xil tarzda ishlatilishi mumkin.

Muhim ma’lumot. Nafaqaxo‘rlar, talabalar va o‘quvchilar uchun transport kartalarining faqat tarif rejalarida 50% chegirma mavjud. Agar siz imtiyozli transport kartasi uchun tarif rejasini sotib olmasangiz, u holda belgilangan tarif bo‘yicha — 1400 so‘m to‘laysiz.

ATTO buni bugungi kunda nafaqaxo‘rlar, talabalar va maktab o‘quvchilari faqat oylik chiptani sotib olishda imtiyozga ega ekanligi bilan izohladilar. Bir martalik to‘lov amalga oshirilganda bu toifadagi fuqarolar belgilangan tarif bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradilar.

Juda muhim. Siz ATTO.Uz mobil ilovasida NFC va QR-kod orqali kunlik tarif rejalarida yo‘l haqini to‘lay olmaysiz. Operator buni tarif rejasini sotib olgan yo‘lovchining yo‘l haqini telefon orqali to‘lashi mumkinligi, transport kartasini esa boshqasiga berishi mumkinligi bilan izohlaydi. Shuningdek, hozircha tarif rejalarini bank kartasiga bog‘lab bo‘lmaydi. Bu funksiya keyingi yil paydo bo‘lishi mumkin.

Men tarif sotib olmoqchi emasman. Bir martalik yo‘l haqini to‘lay olamanmi?

Ha. 1400 so‘mlik bir martalik yo‘l haqini yuqorida yoki quyida ko‘rsatilgan har qanday qulay usulda to‘lashingiz mumkin.

Men transport kartasini sotib olishni xohlamayman. Kontaktsiz yo‘l haqini to‘lashning boshqa usullari bormi?

Bor! Siz Humo, Visa, MasterCard va boshqa kontaktsiz bank kartalari bilan metroda va avtobusda yo‘l haqini to‘lashingiz mumkin. ATTO avtobuslardagi barcha statsionar validatorlar bank karta to‘lovlarini qabul qilishini ta’kidladi. Mobil validatorlarda ba’zan nosozliklar kuzatiladi. Muammo hal qilinmoqda. Metroda aloqasiz bank kartalari bilan yo‘l haqini to‘lashda muammolar yo‘q.

Muhim ma’lumot. Statsionar validatorlar faqat uch eshikli avtobuslarda mavjud.

QR kodi yordamida telefon orqali metroda to‘lov — Click Pass, PaymeGO

QR-kod bilan to‘lovni Click va Payme to‘lov ilovalari orqali hatto oflayn rejimda to‘lashingiz mumkin. Shunchaki, QR-kodini olish uchun Click Pass yoki Payme GOni tanlang va smartfon ekranidagi QR-kodni turniketdagi QR-kod-riderga ko‘rsating.

Payme xodimlarining xabar berishicha, hozircha tizim Buyuk Ipak Yo‘li va Hamid Olimjon metro bekatlarida ishlayapti. Bir necha oy ichida kompaniya boshqa bekatlarni ham qamrab oladi.

Click kompaniyasining ta’kidlashicha, hozircha Click Pass orqali to‘lovni faqat Oloy bozori yo‘lagidagi Abdulla Qodiriy metro bekatida to‘lash mumkin. Boshqa bekatlarni qamrab olish ishlari olib borilmoqda.


QR-kod-rider ko‘k doirachada.

Hozirda Toshkent transport boshqarmasi Kalyon Ulaştırma transport kompaniyasi bilan birgalikda poytaxt uchun transportning bosh rejasini yaratish va transfer tarif rejalari konsepsiyasini tayyorlash ustida ishlamoqda (ular bilan transportdan transportga o‘tish arzonroq bo‘ladi).