Haydovchilar to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganliklari uchun jarima miqdori kamaytirilishi mumkin. Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zLiDeP fraksiyasi ushbu tartibni belgilaydigan qonunni ma’qullagan.

Xabarda aytilishicha, tahlillar natijasida to‘xtab turish qoidalarining buzilishi avtomobillarning to‘xtashi uchun shart-sharoitlar yaratilmagani va bunday joylarda taqiqlovchi belgilar mavjudligiga bog‘liqligi aniqlangan.

Qonun loyihasi bilan to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytirilib, takroran sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima qo‘llash normalari chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, deputatlar korrupsion holatlar oldini olish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54, 123, 141, 147-moddalarida nazarda tutilgan «eng kam» va «eng ko‘p» miqdorda belgilangan jarimalarning eng kam darajasi saqlanib, eng ko‘p darajasi chiqarib tashlanyapti.