Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati 2017−2020-yillardagi maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatiga oid statistik ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga muvofiq, respublikada 2020-yil yakuniga ko‘ra, jami 18 254 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan, 6 197 tasi — davlat tashkiloti, 10 244 tasi — oilaviy shakldagi bog‘cha, yana 788 tasi — davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat yuritsa, qolgan 1 025 tasi — xususiy hisoblanadi.

Jami 2,7 mln bog‘cha yoshidagi boladan — 1 699 566 nafari (60,9 foiz) maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yilda — 708 247 nafar (27,7 foiz), 2018-yilda — 932 310 nafar (37,7 foiz), 2019-yilda — 1 413 290 nafarni (52,3 foizni) tashkil etgan.

Bolalar bilan davlat va nodavlat tashkilotlarda umumiy hisobda — 116 996 nafar tarbiyachi, shundan 36 990 nafari (31,6 foiz) oliy ma’lumotli va 80 006 nafari (68,4 foiz) o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog shug‘ullanadi.

Ma’lumot o‘rnida, davlat rahbari 29-dekabrdagi parlamentga yo‘llagan murojaatnoma sida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortgani, bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payganini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, prezident 2021-yil yakunida maktabgacha ta’lim qamrovini 65 foizga, 2023-yilda esa 75 foizga yetkazish lozimligini aytgan edi. Byudjetdan 600 mlrd so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etilishi va xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkazilishi ta’kidlangandi.

2021-yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar (ularning 82 foizi) qamrab olinishi kutilmoqda. Qolaversa, UNICEF va Jahon banki hamkorligida imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli ham yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan.