10 yanvar kuni kechga yaqin Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli, 1−2 qavatlari savdo do‘koni, 3−6 qavatlari uyga mo‘ljallangan 240 kv.mlik bino qulab tushgan edi. Keyinchalik binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan edi.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki xabarlarda binoni «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MCHJ qurgani haqida so‘z yuritildi. «Gazeta.uz» Barakali Qorako’l Chorvador fermer xo‘jaligi haqida gap borayotganini aniqladi. Biroq, «Barakali qorako‘l chorvador» fermer xo‘jaligi rahbari Jizzaxda qulab tushgan 6 qavatli uyning egasi ekanligi haqidagi xabarlarni rad etdi.