Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida 12 gektar maydonda harbiy va maxsus texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Loyiha 11 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilingan.

Loyiha 55 mln dollar miqdorida baholanmoqda, u O‘zbekiston milliy banki ko‘magida Nurafshon-Maxsus-Texnika kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha o‘zining 16 mln dollar sarmoyasini hamda bankning 39 mln dollar kreditini jalb qiladi.

Birinchi bosqichda 2021 yildan boshlab harbiy texnika ishlab chiqarish maqsad qilingan — yiliga 100 ta yengil zirxli Tarlon va Qalqon mashinalari. Birinchisi kolonnalarni himoya qilish va kuzatib borishga, sanitar tashish, muhandislik ishlarini o‘tkazish, radiatsiya, kimyoviy va biologik razvedka va olovli qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Ikkinchi mashina haqidagi tafsilotlarni olishning imkoni bo‘lmadi. Faqat prezident matbuot xizmati e’lon qilgan suratlardan Qalqon mashinasi harbiy-taktik maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallanganini anglash mumkin.


Qalqon harbiy texnikasi.

Ikkinchi bosqichda 2022 yildan boshlab maxsus texnika — yoqilg‘i tashuvchi 200 ta avtotsisterna, 300 ta traktor, 500 ta yuk tashuvchi, 400 ta axlat tashuvchi, 100 ta qor tozalash va 20 ta o‘t o‘chirish mashinalarini ishlab chiqarishi rejalashtirilmoqda

Texnikalarni mahalliylashtirish darajasi 50 foizni tashkil etishi, yillik talab hajmi 15 mingta texnika, yillik eksport — 5 mln dollar bo‘lishi, o‘zini-o‘zi — 5 yilda qoplashi kutilmoqda.

Nurafshon-Maxsus-Texnika kompaniyasi haqida


Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Nurafshon-Maxsus-Texnika 2019 yil 21 fevralda Nurafshon shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi — qurilish metall konstruksiyalari va mahsulotlarini ishlab chiqarish hisoblanadi. Ta’sischi kompaniyalar sifatida Krantas Group (72%) va To’ytepa Metall Qurilmalari (28%) ko‘rsatilgan.

Krantas Group (ta’sischisi Moxir Karimov) sanoatning turli sohalariga va qurilish sektoriga maxsus texnikalarni, jumladan yuk ko‘taruvchi, maxsus, qishloq xo‘jaligi texnikasi, samosvallar va boshqalarni ishlab chiqaradi. To‘ytepa metallokonstrutsiyalari zavodi esa 1964 yildan beri qurilish metall konstruksiyalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.