O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Rahimovich Salomov «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» ishdan bo‘shatildi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga hukumatdagi manba xabar berdi.

U ushbu lavozimda 2020 yil 29 iyundan beri ishlab kelgan. Bungacha u Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori (2019−2020), undan oldin — Andijon mashinasozlik instituti rektori (2016−2019) sifatida o‘z faoliyatini olib borgan.

O‘ktam Salomov Toshkent davlat universitetini (1999), Parijdagi Per va Mari Kyuri universitetlarining aspiranturasini (2004) va Italiyadagi Turin politexnika universitetining doktoranturasini tugatgan (2014). U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkentdagi Turin politexnika universitetida turli lavozimlarda ishlagan.

Uning yangi ish joyi haqida xabar berilmagan.

Oliy ta’lim vazirligi rahbari Inom Majidovning ham ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga bergan axborotida bu ma’lumotni rad etdi.