Mamlakatda hukumat qarori bilan velosipedchilar uchun xavfsiz muhit yaratish, velosiped marshrutlarining milliy tarmog‘ini rivojlantirish, Fransiya tajribasini o‘rganish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, Transport vazirligiga 1 fevralgacha O‘zbekistonda velotransport sohasini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Toshshahartransxizmat mazkur xizmatlarni sifatli, aholiga maksimal darajada foydali bo‘lishini ta’minlash maqsadida, aholidan talab va takliflarini yo‘llashlarini so‘ramoqda.

Takliflarni quyidagi pochtaga yuborish mumkin: toshkent@mintrans.uz

Loyiha dasturi quyidagilarni o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilmqoda:

  • fuqarolarning velosipedda va boshqa shaxsiy vositalarda harakatlanishi uchun to‘siqsiz va xavfsiz muhitni yaratish (shu jumladan, ko‘chalarning tartibga solinadigan va tartibga solinmaydigan chorrahalarini tashkil etish, yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish, velosiped yo‘laklarini yaratish, velosvetoforlar va belgilarni o‘rnatish, velosipedlar to‘xtash joylari va velosipedlarni xavfsiz saqlash uchun sharoitlar yaratish);
  • mamlakatning sayyohlik shaharlari, dam olish zonalari, qo‘riqxonalari va madaniy meros ob’ektlarini bir-biriga bog‘laydigan velosiped magistrallarining milliy tarmog‘ini bosqichma-bosqich yaratish;
  • shaharlar va viloyatlarda velosipedlashtirish tadbirlari samaradorligini baholash va har yili monitoring o‘tkazish (indikatorlarning soni, aholining ma’lum soniga to‘g‘ri keladigan velosipedlar soni, toifalar bo‘yicha velosiped yo‘llari, velosiped chorrahalari, velosipedlar to‘xtash va saqlash joylari) bo‘yicha ko‘rsatkichlarni joriy etish;
  • velosiped va boshqa shaxsiy transport vositalarini ekologik toza, sog‘liqni saqlashni ta’minlovchi transport turi sifatida ommalashtirish va targ‘ib qilish;
  • aholi o‘rtasida velosiped madaniyatini shakllantirish.

Farmon bilan O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyevga velosipedlashtirish dasturi ishlab chiquvchilariga «velosiped transporti va velosiped infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Fransiya tajribasi bilan tanishish» bo‘yicha yordam berish topshirildi.

Bundan tashqari, elchi «velosiped infratuzilmasini rivojlantirishda, xususan velosiped ishlab chiqaruvchilar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilarni ushbu sohaga jalb qilish orqali Fransiya hukumati bilan ikki tomonlama yaqin biznes va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishi» kerak.

Shuningdek, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga profilaktika inspektorlari va oilaviy poliklinikalarni velosiped bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.