Moliya vazirligining xabar berishicha, 2020 yilda byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 4729 ta nazorat tadbirlarida 246 mlrd so‘mlik byudjet kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, bu miqdorning 168,8 mlrd so‘mi byudjetga qaytarilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2019 yilgiga (142,6 mlrd so‘m) qaraganda 1,7 barobarga oshgan.

Yil davomida byudjet bilan bog‘liq eng ko‘p qonunbuzilish holatlari kuzatilgan vazirliklar va idoralar:

  • Xalq ta’limi vazirligi — 96,6 mlrd so‘m miqdorda;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi — 40 mlrd co‘m;
  • «O‘zbekkino» milliy agentligida — 17,9 mlrd so‘m;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi — 16,7 mlrd so‘m;
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi — 9,4 mlrd so‘m.

Shuningdek, Madaniyat (6,8 mlrd so‘m), Suv xo‘jaligi (5,6 mlrd so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi (5 mlrd so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (4,1 mlrd so‘m), Qishloq xo‘jaligi (3,1 mlrd so‘m) vazirliklari va ular tizimidagi byudjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, hokimiyatlar (3,5 mlrd so‘m), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (7,8 mlrd so‘m), hokimiyatlar huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari (8,4 mlrd so‘m)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Hisobot davrida vazirlik va idoralar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar dinamikasi


Mahalliy byudjetlar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 175,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish va boshqa xato-kamchiliklar holatlari aniqlangan:

  • Qashqadaryo viloyati — 26,1 mlrd so‘m;
  • Andijon viloyati — 19,8 mlrd so‘m;
  • Surxondaryo viloyati — 16,5 mlrd so‘m;
  • Farg‘ona viloyati — 14,4 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahrida — 13,8 mlrd so‘m;
  • Toshkent viloyati — 13,2 mlrd so‘m;
  • Jizzax viloyati — 13 mlrd so‘m;
  • Samarqand viloyati — 13 mlrd so‘m;
  • Sirdaryo viloyati — 12,9 mlrd so‘m;
  • Namangan viloyati — 12 mlrd so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 8,1 mlrd so‘m;
  • Xorazm viloyati — 6 mlrd so‘m;
  • Buxoro viloyati — 3,6 mlrd so‘m;
  • Navoiy viloyati — 2,4 mlrd so‘m miqdorda.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda byudjet muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 54,5 mlrd so‘m miqdorida naqd pul mablag‘larini o‘zlashtirish (bankdan olingan naqd pulni tashkilot g‘aznasiga kirim qilinmasligi, ishlamagan shaxslarga ish haqi hisoblanib, to‘lanishi va boshqalar) holatlari aniqlangan bo‘lib, ushbu qonun buzilishi holatlari o‘tgan yil (2019 yilda — 7,2 mlrd so‘m) ga nisbatan 7,5 martaga ko‘paygan.

Byudjet qonunchiligini buzganligi uchun byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 48 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga o‘rnatilgan tartibda jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, 3 033 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 239,5 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.