Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qishloq xo‘jaligi vazirining ikki nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Saidkamol Xodjayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan.

Saidkamol Xodjayev 2018 yilning iyulida qishloq xo‘jaligi vazirining moliya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2020 yilning sentyabr oyida esa vazirning oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan. Oldinroq u «Agrobank» rahbari edi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi vazirining fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash buyicha o‘rinbosari Botirjon Sulaymonov ham lavozimidan ozod qilingan. U 2020 yilning sentyabr oyida vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Botirjon Sulaymonov. Foto: Toshkent davlat agrar universitet matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, Botirjon Sulaymonov Toshkent davlat agrar universiteti rektori lavozimida qoladi.