Shaxmat bo‘yicha uch karra O‘zbekiston chempioni, olti karra Osiyo chempioni va besh karra Jahon chempioni Javohir Sindorov «Daryo» nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining e’tiborsizligi, faoliyatini erta yakunlagan shaxmatchilar va federatsiyani almashtirish masalasi haqida gapirdi.

Javohir Sindorov 2018 yilda 12 yosh 10 oy 8 kunlik vaqtida dunyo shaxmati tarixida ikkinchi eng yosh xalqaro grossmeysterga aylangan.

«2018 yilda shaxmat tarixidagi eng yosh ikkinchi grossmeysterga aylanganman. Bu natijaga erishish yo‘lida mashaqqatli mehnat qilganman, juda qiyin bo‘lgan. Professional shaxmatchi yiliga kamida 9 yoki 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Buning bir yoki ikkitasi O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin, qolgan barcha musobaqalar chet elda bo‘lib o‘tadi. Grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritish uchun yiliga 9−10 ta chet el musobaqalarida qatnashishga to‘g‘ri kelgan. Bunga ketadigan xarajatning barchasi oilam tomonidan qoplangan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan menga hech qanday moddiy yordam berilmagan», — deydi grossmeyster.

Sindorov unvonni qo‘lga kiritganimdan keyin uni O‘zbekistonda juda yaxshi kutib olishganini, unga prezident tomonidan uch xonali uy berilganini eslaydi. Ammo shundan keyin ham shaxmat federatsiyasi tomonidan hech qanday e’tibor bo‘lmaganligini ta’kidlab, «ular faqatgina federatsiya rasmiy saytida meni tabriklash bilan cheklandi», deydi.

Javohir Sindorov o‘sha yili olti kishidan iborat O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi bilan 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi butunjahon shaxmat Olimpiadasiga borganligiga ham to‘xtaldi. U yerda jamoa O‘zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritadi.

«Bizni Toshkentda tantanali ravishda kutib olishdi. Keyinroq qatnashchilarga prezident sovg‘asi — avtomobillar topshirildi. Lekin men va jamoadoshim Sitora Saparova hatto taqdirlash marosimiga chaqirilmadik ham, qolgan qatnashchilarning barchasiga avtomobil sovg‘a qilindi. Federatsiya nima uchun biz ikkimiz marosimga chaqirilmaganimizni izohsiz qoldirdi», — deydi Sindorov.

Terma jamoa a’zolari 5 nafar, taqdirlanganlar esa — 3 nafar. Fotokollaj: Daryo

Yosh grossmeytser 2019 yilda Yoshlar Ittifoqi ko‘magida Sindorov Javohir Kubogi musobaqasini tashkil etganini ta’kidladi. Musobaqada qo‘shni mamlakatlardan ham yosh shaxmatchilar qatnashgan.

«Lekin negadir, ayrim tengdoshlarim bu musobaqada qatnasha olmadi. Keyinchalik surishtirsak, shaxmat federatsiyasi tomonidan og‘zaki taqiq qo‘yilgan ekan», — deydi Javohir.

Javohir Sindorov unga ham boshqa shaxmatchilar kabi chet el federatsiyalaridan qator takliflar kelganligini aytadi.

«Biroq men O‘zbekiston o‘g‘loni sifatida o‘z yurtimni himoya qilgim keladi. Agar shaxmat federatsiya tomonidan bunday to‘sqinliklar bo‘laversa, u holda Gulruhbegim Tohirjonova singari federatsiyamni almashtirishimga to‘g‘ri keladi. Ammo men buni xohlamayman. Shunchaki bizga ham ozgina e’tibor berilishini istaymiz».

Shaxmatchi Hindiston federatsiyasi oddiygina musobaqaga 70 nafar shaxmatchisini barcha xarajatlarni qoplagan holda yuborganligini eslaydi. «Bu yerda esa tug‘ishgan ukam Islombek Sindorov olti karra Osiyo chempioni, ikki karra Jahon chempioni bo‘lishiga qaramay mana shu e’tiborsizlik sabab faoliyatini muddatidan avval yakunladi», — deydi u.

«Boshqa federatsiyalarda yiliga yuzlab musobaqalar tashkil etiladi, O‘zbekistonda esa — bitta xalqaro musobaqa. Biz o‘z darajamizni saqlab turishimiz uchun ko‘plab musobaqalarda qatnashishimiz kerak, ularning ko‘pi esa chet elda bo‘ladi va xarajatlarni o‘zimiz qoplashimiz kerak. Shu sabab men tanigan kuchli shaxmatchilar, grossmeysterlar Temur Gareyev, Anton Filippov (Filippov federatsiya e’tiborsizligi sabab Qozog‘istonga ketgan), Temur Ko‘ybakorov va boshqalar o‘z federatsiyasini almashtirishga majbur bo‘lgan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda juda ko‘plab yosh iqtidorlar o‘sib kelmoqda. Agar ular ham e’tiborsiz qoldirilsa, xuddi ukalarim va boshqa ko‘plab shaxmatchilar kabi faoliyatini erta yakunlashga majbur bo‘ladi», — deya ta’kidladi Javohir.

«Daryo» nashri oldinroq o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova AQSHning Missuri universiteti jamoasi shaxmat o‘ynayotgani va endi xalqaro musobaqalarda AQSH nomidan qatnashishi haqida xabar bergan edi. Keyinchalik «Smartgov Consulting» rahbari Aziza Umarova shaxmatchilar oilasi va federatsiya o‘rtasidagi munosabat haqida post qoldirgan. Bunga javoban federatsiya raddiya bildirgan. Keyinroq opa-singil shaxmatchilar Nafisa Mo‘minova va Xulkar Tohirjonova Shaxmat federatsiyasining raddiyasiga munosabat bildirib, «Shaxmat federatsiyasi ustimizdan mag‘zava ag‘dardi» degandi.