Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini (ESSH) tuzish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘z murojaatida ma’lum qildi.

«Biz Filippin, Kambodja va O‘zbekiston bilan ESSH muzokaralarini tezlashtirish orqali Yangi Janubiy va Yangi Shimoliy siyosat bo‘yicha almashinuv va hamkorlikni kengaytiramiz», — dedi u.

O‘tgan yilning iyul oyi oxirida Seulda ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risida bitim bo‘yicha jamoatchilik tinglovi bo‘lib o‘tgan edi.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,755 mlrd dollarni (import — 2,661 mlrd dollar, eksport — 93,6 mln dollar), 2020 yil yanvar-sentabr oylarida — 1,599 mlrd dollarni (import — 1,565 mlrd dollar, eksport — 34,1 mln) tashkil etgan.

Avgust oyida Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seulga 2020 yil oxirigacha tashrif buyurishi mumkinligi haqida xabar bergan edi, ammo tashrif amalga oshmadi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga tashrif buyurgan edi. 2019 yil aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekistonga tashrif buyurdi.