2021 yilda Markaziy bank ислом moliyasi konsepsiyasini o‘z ichiga olgan nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11 yanvar kuni AOKAdagi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi.

Bunday taklifni Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlamentga murojaatida aytib o‘tdi. Davlat rahbari Markaziy bankka moliya bozorida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, islom moliyasi mexanizmlarini joriy etish maqsadida huquqiy asos yaratish uchun 1 fevralgacha nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga topshiriq bergan.

Islom bankingi (islom bank ishi) — bu shariat tamoyillariga mos keladigan moliyaviy faoliyat. Islom bankingida kredit miqdori va muddatiga qarab hisoblangan foizlar yoki stavkalarni olish taqiqlanadi. Ushbu taqiq musulmonlarning ijtimoiy adolat va tenglik to‘g‘risidagi qonunlari bilan izohlanadi.

Behzod Hamrayev yangi qonun moliya bozorida raqobatni kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi. Nobank tashkilotlarga ko‘proq xizmatlar ko‘rsatish huquqi beriladi.

Sentyabr oyi boshida «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi, ammo u yerda islom moliyasi ko‘rsatilmagan.

2018 yil may oyida muhokama uchun taqdim etilgan prezident qarori loyihasida O‘zbekistonda islom bank ishi va moliya infratuzilmasini yaratishni rejalashtirayotganligi ta’kidlangan. Hujjatda foizlar (ribo) shaklida mukofotni taqiqlash, tadbirkor bilan loyihadagi ulushga mos ravishda foyda va zararni taqsimlash ko‘zda tutilgan edi. Islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosidagi sug‘urta faoliyati (takoful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar (sukuk) va boshqalarni amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy aktlarni ishlab chiqilishi ham ko‘zda tutilgan edi.

Avvalroq tahlilchilar Karen Srapionov va Shodlik Nazarov «Gazeta.uz» o‘quvchilariga islom qimmatli qog‘ozlar (sukuk) qanday qilib O‘zbekiston iqtisodiyotiga moliyaviy in’eksiya manbaiga aylanishi mumkinligini tushuntirib berishgan edi.