Har bir bola oilaviy muhitda va farovonlikda yashashga va tarbiyalanishga haqlidir. Qarovsiz qolgan bolalarni oilalarga joylashtirish muammosi mamlakatimiz uchun juda dolzarbdir. Yetim bolalarni oilalarga berishga ko‘maklashish va farzand asrab olgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2047 mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan chin yetimlar soni 316 tani tashkil etmoqda.

Farzand asrab olgan ota-onalar nimalarni his qilishadi? Nelli Karimova bola asrab olgan ikki ota bilan ularning oilalarida bu jarayon qanday kechganligi, ota-onalar qanday to‘siqlar va muammolarga duch kelganliklari va ularga qanday yordam kerak bo‘lganligi haqida suhbatlashdi.

Ulkan mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olish

«Biz to‘ydan oldin ham xotinim bilan farzand asrab olish haqida gaplashardik», — deydi asrab oluvchi Nikolay. — Ammo bu haqida birgalikdagi hayotimizning birinchi yillarida faolroq o‘ylay boshladik. Qizimiz dunyoga kelganida, men Sankt-Peterburgda o‘qirdim. 2006 yilda xotinim va qizim bilan Toshkentga qaytib keldik va farzand asrab olish uchun harakatlarni boshladik. Hujjatlarni yig‘dik, navbatda turdik va 2008 yil oktyabr oyida ular bizga qo‘ng‘iroq qilib, yangi tug‘ilgan chaqaloq haqida xabar berishdi. Shu tarzda biz ikki ajoyib farzandning ota-onasi bo‘ldik. Bizning bu dunyoda katta bir yaxshilik qilish istagimiz bor edi. Butun dunyoni sevish va bag‘rimizga bosishning iloji yo‘q, ammo bir insonni baxtli qilish, uning taqdirini o‘zgartirish mumkin".

Azamat, «Ota hayoti» blogining muallifi, va uning rafiqasi to‘qqiz farzandning baxtli ota-onasi: «Bizning farzand asrab olishimiz uzun tarixga ega. Bolalar chaqaloq so‘rashardi, biz esa hech bo‘lmaganda bitta bolani asrab olish haqida o‘ylardik … Ammo bahorda bir tasodif bilan biz bir bolani bir kunga uyimizda mehmon qildik va oilamizga boshqa bolaning keragi yo‘qligini angladik. Keyin esa „Bu bola qanday yuribdi ekan?“ degan xayollar uzoq vaqt tinchlik bermadi. U qiynalayotgan bo‘lsa kerak deya tashvishlanardik. O‘sha bolalarning onasi yozda, hali havo iliq bo‘lgan vaqtda ko‘chalarda yurar edi. Biz ularni ko‘rmasdik, lekin kuzda, sovuq ob-havoning boshlanishi bilan, biz ularni tasodifan ko‘chada uchratib qoldik va ularni uyimizga olib ketishga qat’iy qaror qildik, onasi bajonidil bolalarni bizga berdi. Axir tushunish kerak, agar bu bolalarga biz g‘amxo‘rlik qilmasak, kim ularning g‘amini yeydi? Biz tanlab o‘tirmadik, uchchalasini ham oldik. Agar imkoniyat bo‘lsa va yana bolalar uchrasa, biz ularni ham oilamizga qabul qilsak kerak».

Bola asrab olgan ota-onalarga qanday yordam kerak?

Oilasidan ayrilgan bolalar uchun muhabbat va g‘amxo‘rlikdan tashqari, ularni tushunish ham muhimdir. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarida ko‘pincha turli xil muammolar «guldastasi» bo‘ladi. Bolalarda asosiy maishiy ko‘nikmalar mavjud emas va nutq bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin. Bolalar barcha muammolarni hal qilishda yordam olishga odatlanishgan. Ular o‘qish uchun ruhlantirilmagan va rivojlanishda tengdoshlaridan ortda qolishgan. Mehribonlik uyi xodimlari istashgan taqdirda ham u yerda yashovchi bolalar uchun oilaviy sharoitlarni ta’minlay olmaydilar va ularga ota-ona mehri nimaligini ko‘rsatib berolmaydilar.

Shu sababli, farzand asrab oluvchi ota-onalar bola yangi, notanish hayot tarzini rad qilgan hollarda jiddiy muammolarga duch kelishadi. Xatolikka yo‘l qo‘ymaslik uchun bola asrab olishga tayyorlanayotgan va tajribasi kam bo‘lgan ota-onalar bilimga muhtoj.

«Umuman olganda, moslashish jarayoni har doim qiyin», — deya o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi asrab olingan bolaning otasi Nikolay. — «Ba’zan biroz osonroq bo‘lishi mumkin. Hech qachon oson kechmaydi. Bolani oilaga qabul qilishga qaror qilgan barcha ota-onalar bunga tayyor bo‘lishlari kerak. Shuni yodda tutish lozimki, oilaga asrab olish bosqichida uyga kelayotgan bola hech qachon «o‘z farzanding»ga o‘xshamaydi, u doimo ota-onasining kutganidan farq qiladi. Ko‘pincha bu farqlar yaxshi tomonga bo‘lmaydi».

Nikolay aniqlik kiritadi: «Shuni esda tutish kerakki, moslashish jarayoning ikki tomoni bor. Bir tomondan, bola yangi oilaga, yangi muhitga va qoidalarga o‘rganadi. Boshqa tomondan, ota-onalar yangi oila a’zosiga o‘rganishadi. Bola ham, oila ham ushbu bosqichdan sharaf bilan o‘tishi kerak. Bir narsani ta’kidlash lozimki, bola bunga tayyorlanmagan, ammo farzand asrab oluvchilar tayyor bo‘lishi kerak. Buning uchun bolani asrab olishdan oldin, bunday odamlar tegishli mashg‘ulotlarga borishlari maqsadga muvofiqdir. Buning uchun vaqtni yoki mablag‘ni tejash kerak emas. Bu bilimlar, albatta, foyda beradi. Afsuski, biz bunday kurslarga qatnasha olmadik. O‘shanda bu kabi mashg‘ulotlar yo‘q edi va bu haqda bizga hech kim aytmagan. Natijada, shaxsan men o‘zimning hayotimda bolani asrab olish bilan bog‘liq ma’lum bir inqirozni boshdan kechirdim. O‘sha paytda men o‘z tashvishlarimni kim bilandir o‘rtoqlashishni istardim, ammo hech kim meni tushunib, yaxshi maslahat berolmadi».

«Moslashuv jarayoni oson emas, bu bolaning tabiati va farzand asrab oluvchilarga bog‘liq», deydi Azamat". — Turli xil davrlar mavjud. Er-xotin kundalik vaziyat muammolariga qaramay, eng oliy maqsadni ko‘rishlari kerak. Asosiysi, bolaga mehr bilan g‘amxo‘rlik qilishdir".

Mamlakatimizda bola asrab oluvchi ota-onalar uchun maktablarni yaratish kerak, ularda yuqori malakali mutaxassislar ishlashi va kelajakda ota-onala asrab olingan bolalar bilan bo‘ladigan munosabatlardagi qiyinchiliklarni yengishga yordam berishi, farzandlikka olishning ijobiy tomonlarini ko‘rsatish kerak, shunda farzand asrab olgan ota-onalar paydo bo‘lgan muammolarni tezda hal qilishlari, shu niyatda bo‘lgan boshqa ota-onalar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashishlari mumkin. Yetim uchun oila bo‘lishdek ezgu istagi bo‘lgan ota-onalar uchun bu kabi amaliyotlar falokatga aylanmasligining oldini olishning eng maqbul yo‘li bu — endigina bola asrab olgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga bolaning yangi oilani «rad etishiga» qanday munosabatda bo‘lish kerakligini uqtirish lozimligidir.

«Psixosfera» Markazi direktori, New Way psixologiya laboratoriyasi psixolog-konsultanti, YUNFPA (BMTning aholi jamg‘armasi) gender zo‘ravonlik qurbonlarini psixologik reabilitatsiya qilish bo‘yicha milliy mutaxassisi Sanjar Yo‘ldoshev: «Bolani o‘z oilasiga asrab olishga qaror qilgan har qanday oila duch keladigan psixologik muammolar jamiyat madaniyati bilan, boshqalar va qarindoshlarning munosobati bilan, stereotiplar bilan bog‘liq. Agar bola mehribonlik uylarida faol ijtimoiylashuv jarayonini boshlagan bo‘lsa, ehtimol yangi ijtimoiy va moddiy sharoitlarga moslashishda muammolar bo‘lishi mumkin», deydi.

Ekspertning fikriga ko‘ra, agar bolalarni asrab oluvchi oilalar tashkiliy, huquqiy va ijtimoiy masalalardan tashqari, muhim psixologik muammolar ustida ishlasalar, ushbu muammolarning barchasini yengib o‘tish mumkin. Odamlarning nafaqat «funksional», balki «emotsional» ota-ona bo‘lish uchun ichki psixologik tayyorgarligi muhim ahamiyatga ega. Bolani oilaning to‘liq a’zosi sifatida qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rish kerak, bu oilaviy afsonalarni yaratishni, ota-onalik vazifalarini to‘g‘ri taqsimlashni, shunday oilaviy urf-odatlar va marosimlarni o‘tkazishni o‘z ichiga oladiki, unda bolada ushbu oilaviy tizimga to‘la tegishli bo‘lish hissi paydo bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi ruhshunos.

«G‘arbda bola asrab oluvchi ota-onalar maxsus maktabda o‘qitilishi kabi amaliyot joriy qilingan», — deydi Sanjar Yo‘ldoshev. — Bizda, ehtimol, bunday ijtimoiy institutlar hali mavjud emasdir, ammo kelajakdagi ota-onalar farzand asrab olish va bolani oiladagi hayotida birga odimlash bo‘yicha maslahat olishlari mumkin bo‘lgan psixologik markazlar mavjud. Men bo‘lajak ota-onalarga albatta oilaviy psixolog bilan maslahatlashishni tavsiya qilaman. Malakali oilaviy psixolog, birinchi navbatda, farzand asrab oluvchi bo‘lajak ota-onalarning shaxsini, oilaning tuzilmaviy va dinamik xususiyatlarini o‘rganadi, ularga birgalikda harakat qilishda va ijtimoiy yo‘naltirilgan qaror qabul qilishda yordam beradi".

Bola asrab olishdagi to‘siqlar haqida

«Albatta, avvalo, biz birovning bolasini o‘z oilasiga qabul qilishga qaror qilgan har qanday oila duch keladigan psixologik muammolarga to‘xtalishimiz kerak, — deydi Nikolay, — bu jamiyat madaniyati bilan, boshqalar va qarindoshlarning munosobati bilan, stereotiplar bilan bog‘liq. Agar ushbu muammolar yengib o‘tilsa, qolganlari murakkablik tug‘dirmaydi, garchi kutish har doim ham oson kechmasada. Ma’muriy muammolar — muammo emas. Aksincha, ularni kichik sinov deb atash mumkin. Agar farzand asrab oluvchilar barcha tashkilotlardan sabr-toqat bilan o‘tishsa, bu faqat bolani individual fazilatlari va ehtiyojlarini ham sabr-toqat bilan qabul qilishga tayyorligi haqida darak beradi».

«Bizda birgina to‘siq bor edi: bolalarning onasi ro‘yxatda turuvchi sil kasalliklari dispanseri shifokori qizaloqni avval sanatoriyga, so‘ngra, bolalarga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilishlariga ishongani uchun bolalar uyiga yuborishga qaror qildi, — deydi Azamat. — Qizlardan birining biologik otasi uzoq vaqt davomida uni onasiga berishni xohlamagan, u muntazam ichgan va «o‘gay qizi»ga umuman ahamiyat bermaydigan boshqa ayol bilan birga yashagan. Biz otasini avval qizni davolanishga yotqizishga ko‘ndirdik, u rozi bo‘ldi. Davolash tugagandan so‘ng, u g‘oyib bo‘ldi va biz qizni o‘zimizga oldik».

Qarindoshlar va do‘stlarning munosabati

Nikolay: «Munosobatlar butunlay turlicha edi. Ba’zilar hali ham o‘g‘limiz asrab olinganiga ishonmaydilar. Otam barmog‘ini chakkasida aylantirib qo‘ydi, onam esa dahshatli voqealarni aytib berardi. Oila va do‘stlarning munosobatlari ruhlantirishi yoki tushkunlikni keltirib chiqarmasligi kerak. Qaror faqat er va xotin (shuningdek, oiladagi katta farzandlar) tomonidan qabul qilinadi va faqat ulargina javobgardirlar. Shuning uchun bolani asrab olish masalasida faqat mustaqil ravishda qaror qabul qila oladigan va javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan oilalar qaror qilishi kerak. Biz bunday oilalarni manbali oilalar deb ataymiz. Bunday oilalarda mustahkamlik zaxirasi yetarli bo‘lishi kerak».

Azamat: «Qarindoshlar qarorni qo‘llab-quvvatladilar, ammo hamma ham emas. Ba’zilar, mehribonlik uylari — bu tabiiy hol degan fikrda edilar. Do‘stlar va qarindoshlar bizning qarorimizga hurmat bilan munosobat bildirishdi».

Bola asrab olish qaysi bosqichlarni qamrab oladi

Nikolay: «O‘ylab olish va qaror qabul qilish».

Azamat: «Menimcha, birinchi navbatda, ota-onasiz bolaga o‘z mehrini va g‘amxo‘rligini berish uchun turmush o‘rtoqlarning birgalikdagi qarori. Qiyinchiliklarga qaramay qabul qilingan qarorga intilish va sodiq qolish. Maqsadga erishishda, hujjatlarni yig‘ishda qat’iyatlilik. Turmush o‘rtoqlarning o‘zaro qo‘llab-quvvatlanishi».

Asrab olingan bolani tarbiyalash qanchalik qiyin

Azamat: «Ha, beixtiyor yurakning tubida «o‘zimniki» va «birovniki» degan ajratish bor va agar siz ajratayotganingizni his qilsangiz, siz ajratmaslikka, adolatli va mehribon bo‘lishga intilishingiz kerak. Bolalarni ajratayoganingizni tushunmayotgan bo‘lsangiz, bu kabi hisni kechirmayotgan bo‘lsangiz — bu birinchi holatdanda yomonroq. Undan tashqari, «begona» bolaning ba’zan sizga tanish bo‘lmagan o‘z hayotiy hikoyasi borligi bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham bor. Ba’zida esa bolada kutilmagan «xotiralar» va unga munosabat uyg‘onadi.

Nikolay: «Agar biz „begona“ bola haqida gapiradigan bo‘lsak, bu juda qiyin. Ammo asrab olingan bola begona bo‘lmasligi kerak. Uni qabul qilish kerak — birinchi navbatda, yurakka. Begona bola o‘z farzandingiz, sevimli, vujudingizning bir parchasi bo‘lishi kerak. Men o‘zim xuddi shu muammoga duch keldim. Ammo bir mashhur haqiqat menga yordam berdi — biz qalb qo‘rimizni berganlarnigina yaxshi ko‘ramiz».

Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam haqida

Nikolay: «Biz davlatdan hech narsa olmadik. Farzandimizni asrab olganimizdan buyon hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi, hech kim kelmadi. Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Davlat ko‘magi faqat patronat rasmiylashtirgan oilalargagina beriladi. Asrab oluvchilar va vasiylar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydilar. Bizning fikrimizcha, davlat moslashish holatidan qat’i nazar, bunday oilalarni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Aslida, bu ota-onalarning barchasi davlat muammosini hal qilishadi — ular kattalar qaramog‘isiz qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilishadi. Bu bolalarning barchasi shu mamlakat fuqarolari va davlatning ko‘magiga haqlidirlar. Yordam nafaqat yetarli moliyaviy ko‘makni, balki tibbiy yordam, psixologik ko‘mak va boshqa mutaxassislarning yordamini ham o‘z ichiga olishi kerak. Bularning barchasi qo‘l yetar darajada tizimlangan bo‘lishi lozim. Asrab oluvchi ota-onalar o‘zlarining qiyinchiliklari bilan yolg‘iz qolmasliklari kerak.

Azamat: «Bizga hech qanday yordam berishmadi. Afsuski, davlat, aniqrog‘i, mansabdor shaxslar alohida bolalar hayotida sodir bo‘layotgan voqealar bilan qiziqishmaydi».

Asrab olingan bolalar o‘zlarining biologik ota-onalarini bilishlari kerakmi?

Nikolay: «Bizning o‘g‘limiz asrab olinganligini biladi, lekin u o‘zining biologik ota-onasini bilmaydi. Buning sababi uning juda yoshligida asrab olinganligi va tug‘ilganligi zahoti tashlab ketilganidir. Ammo har doim ham shunday bo‘lmaydi. Ko‘pincha bolalar ota-onalarning ota-ona huquqlaridan mahrum bo‘lganligi sababli mehribonlik uylarida yashay boshlaydilar. Bunday holda tarbiyalanuvchilar ota-onalarini bilishadi va eslashadi».

Azamat: «Bilmayman, barchasi bolaga qanday ta’sir qilishiga, buning unga qanday nafi tegishiga bog‘liq».

Asrab olishda eng murakkab jarayon haqida

Azamat: «Moslashuv jarayoni».

Nikolay: «Oxirigacha borishga tayyor bo‘lish. Bu shunchaki kuchli ibora emas. Bu haqiqat! Asrab oluvchi ota-onalar bolaning barcha noodatiy odatlariga tayyor turishlari kerak. Asrab olingan bola — bu hayotida ko‘plab jarohatlarni boshdan kechirgan bola. Uning dushmanlik muhitida omon qolishiga to‘g‘ri kelgan. Ehtimol, u ochlikni, sovuqni, ehtiyojlarining e’tiborsiz qolishini, ekspluatatsiya qilinishini, jinsiy zo‘ravonlikni boshidan kechirgandir. Bularning barchasi bolaning ruhiyatida aks etadi. Natijada, u jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishdan orqada qoladi, tengdoshlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lishga o‘rganmagan va hokazo. Shunday ekan, bola asrab olishdan oldin, o‘zingiz uchun oxirigacha borishga tayyorligingizni hal qilishingiz kerak.

Bola asrab olmoqchi bo‘lganlarga tilaklar

Nikolay: «Shoshilmang. Bolani asrab olish istagi juda zo‘r va maqtovga sazovor. Men ko‘p baxtli oilalarni bilaman va bolaligida asrab olingan baxtli va to‘laqonli kattalarni bilaman. Biroq, nima bo‘lganda ham bu masalani o‘rganish uchun vaqt ajrating, asrab oluvchi ota-onalar uchun maxsus kurslarga qatnang, boshqa bola asrab olingan oilalar bilan tanishing, bu kabi ota-onalarning yig‘inlariga tashrif buyuring, ular nima haqida suhbatlashayotganlariga, nimalar bilan o‘rttoqlashayotgani, qanday muammolarga duch kelayotganlari, ularni qanday hal qilishlari, qanday qilib bir-biriga yordam berganiga quloq tuting».

Azamat: «Birinchidan. Qaror qabul qildingizmi — barcha qiyinchiliklarga qaramay qat’iy va sodiq bo‘ling. Ikkinchi. Bolani o‘zingiz uchun emas, balki bola uchun qabul qiling. O‘zingizning motivlaringizni tahlil qiling. Uchinchidan. Siz nimani eksangiz, shuni o‘rasiz, shuning uchun bolada sevgi, rahm-shafqat va quvonch urug‘larini yetishtiring. To‘rtinchidan. Isoning oltin qoidasi bor: „Sizga qanday munosabatda bo‘lishlarini xohlasangiz, siz ham odamlarga shunday munosabatda bo‘ling“, shuning uchun qanday munosabat ko‘rishni xohlasangiz, bolaga shunday munosabatda bo‘ling».

Bolalarning Mehribonlik uylariga tushmasliklari uchun qanday choralar ko‘rish zarur

Nikolay: «Aksioma bor: bola uchun eng yaxshi muhit biologik oiladadir. Agar biz unga qanday yordam berish haqida o‘ylayotgan bo‘lsak, unda qiyin hayotiy sharoitdagi oilalarni aniqlash va ushbu oilalarga haqiqiy yordamni ko‘rsatish kerak. Aksariyat hollarda bunday oilalar Mehribonlik uylari uchun «donorlar"dir. Agar biz bir oilaga bolasini parvarish qilishda yordam bersak, unda bitta tashlab qo‘yilgan bola kamroq bo‘ladi, ehtimol ko‘proq.

Agar oilaga yordam berish imkoni bo‘lmasa yoki bolaning ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, unda yaqin qarindoshi (buvisi, bobosi, amakisi, xolasi, opasi yoki ukasi)ga ko‘maklashish kerak. Bola biologik oilasiga qanchalik yaqin bo‘lsa, unga ota-onasi bilan ayriliqni yengib o‘tish osonroq bo‘ladi.

Agar bu natija bermasa, unda bunday bolani uni qabul qilishga va unga g‘amxo‘rlik qilishga to‘liq tayyor boshqa oilaga moslashtirish kerak. Bu patronat, vasiylik yoki asrab olish bo‘lishi mumkin. Ammo bu punkt mamlakatdagi yetimlik muammosining yechimi emas. Dastlabki ikkita punkt amalga oshmagan taqdirdagina mazkur qaror berilishi kerak. Boshqa variant yo‘q. Agar bola haqida o‘ylasak va uning taqdiri bilan haqiqatan ham qiziqsak, boshqa yo‘lning o‘zi mavjud emas".

Azamat: «Farzandlikka olish ustidan nazoratni kuchaytirib, farzand asrab oluvchilar uchun asrab olish jarayonlarini manfaatli qilish, bolalar uylariga alternativa yaratish mumkin. Chunki ko‘pincha farzand asrab olishni istaganlar uchun „Qanday qilib bolani boqaman?“ degan haqli savol tug‘iladi. Ko‘pchilikning fikricha, hozirgi qiyin zamonda shundoq ham kun ko‘rish mushkul. Asrab oluvchi ota-onalar uchun „tanlab olishlari“ uchun (garchi qo‘pol eshitilsada) bolalarning ma’lum bir reyestrini yaratish kerak, shuningdek, potensial asrab oluvchi ota-onalar bolalarning borligini va ularning ko‘plari ota-ona mehri va muhabbatiga muhtojligini bilishlari kerak».