11 yanvar kuni Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In mamlakatning barcha fuqarolari koronavirusga qarshi bepul emlanishini ma’lum qildi, deb yozadi The Korea Times nashri Yonhap agentligiga tayanib. Jarayon keyingi oydan boshlanishi rejalashtirilgan.

Prezident o‘zining yangi yil tabrigida 2021 yil pandemiya inqirozidan «qutulish», ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish uchun «inklyuzivlik» va Janubiy Koreyani yetakchi davlatga aylantirish yili bo‘lishini aytdi.

11 yanvar kuni Janubiy Koreyada Covid-19 bilan kasallanganlar soni 451 nafarni tashkil etdi. Kasallanganlarning umumiy soni 69,1 ming kishiga yetdi, Covid-19 asoratidan vafot etganlar soni 1140 nafar.

Kasalliklar sonining pasayishi 3 yanvardan boshlab kuzatilmoqda, o‘sha kuni 1000 dan ortiq holatlar qayd etilgan edi. Kasalanish kamayishiga 17 yanvargacha kiritilgan ijtimoiy masofalanish chora-tadbirlari yordam berdi.

The Korea Times gazetasi, shuningdek, Janubiy Koreyada bu yil gripp bilan kasallanish darajasi o‘tgan mavsumga nisbatan sezilarli darajada kamligini yozmoqda.

Mamlakatda 14 million odam grippga qarshi bepul emlandi. Biroq koronavirusga qarshi kengaytirilgan himoya choralari — niqob taqish, masofani saqlash va shaxsiy gigiyenaga rioya qilish katta ahamiyat kasb etadi, deydi mutaxassislar.