O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ba’zi o‘quvchilar 11 yanvardan boshlab masofadan o‘qishni davom ettirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Avvalroq, uchinchi chorakdan boshlab barcha maktablar an’anaviy ta’lim turiga o‘tishi belgilangandi. Ushbu e’lon «ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlar va munozaralarni» keltirib chiqardi, deb tan oladi vazirlik.

«2020 yilda mamlakatimizdagi maktablar sanitariya-epidemiologiya holatini hisobga olgan holda o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich boshladi. Qishki ta’til boshlanishidan oldin o‘quvchilarning 90 foizi an’anaviy ta’lim turiga qaytishdi. Bizning maqsadimiz o‘quvchilarning qolgan 10 foizini ham qamrab olish edi», — deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirligi havotirga o‘rin yo‘q ekanligini, uyida kasallik tarqalishiga havotir katta bo‘lgan, keksa odamlari bor hamda salomatligida surunkali xastaligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun parallel ravishda «Onlayn-maktab» loyihasi ham davom ettirilishini ma’lum qildi.

Vazirlik o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalardan iqtibos keltirgan holda karantin davrida o‘quvchilarning o‘qituvchilari va tengdoshlari bilan o‘zaro bevosita muloqot yetishmagani aniqlanganini ma’lum qildi. «Maktabga bormayotgan o‘quvchilar esa, afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda, bola uchun do‘stlari bilan doimiy muloqotda bo‘lish va ular bilan bir jamoa bo‘lib ta’lim olish juda muhim, hech qanday eng zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun ta’minlab bera olmaydi».

XTV o‘z farzandlarini maktabga yubormaydigan ota-onalarni uyda o‘qish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish va bu jarayonni to‘liq nazorat ostida o‘tkazishga chaqirdi.