Tibbiy psixolog, professor Abdullajon Begmatov mamlakatda psixologiya sohasiga oid muammolar haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Psixologiya universitetini ochish to‘g‘risidagi prezident qarorining loyihasi 3 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ldi. Psixologiyaga oid muammolarni hal qilish mamlakat taraqqiyoti uchun naqadar muhimligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ularni yechish nafaqat ta’lim rivojiga, balki iqtisodiyotdan tortib sportgacha, tibbiyotdan tortib tadbirkorlikkacha bo‘lgan sohalar taraqqiyoti tezlashishiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Sobiq Ittifoq merosi

Sobiq ittifoqda XX asrning 60-yillarigacha psixologiya faniga yetarlicha ahamiyat berilmas edi. Psixologiya fanining ba’zi eng yangi yo‘nalishlariga esa mensimay qaralar edi. Masalan, psixologiya fanining AQSH v Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida o‘tgan asrning 30−40 yillarida shakllanib tez rivojlana boshlagan sohasi — «ijtimoiy psixologiya» yo‘nalishi 60-yillargacha burjua fani sifatida inkor etib kelindi. 60-yillarda chop etilgan «Bolshaya sovetskaya ensiklopediya»da bu fanga quyidagicha ta’rif berilgan edi: «burjuacha soxta fan» (burjuaznaya ljenauka).

Psixologiya faniga bunday yondashuv kadrlar tayyorlashda ham o‘z aksini topmay qolmadi. 80-yillarning o‘rtalarigacha O‘zbekistonda faqat Toshkent Davlat Universitetida (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti) psixologiya yo‘nalishiga har yili 25 nafar talaba qabul qilinar edi. Bunday yondashuv oqibatida 1990 yil boshlarida sobiq ittifoqda hammasi bo‘lib oliy ma’lumotli psixologlar soni 5000 kishidan kamroqni tashkil qilar edi. Qiyoslash uchun: o‘sha yil boshlarida oliy ma’lumotli psixologlar soni AQSHda 300 000dan ortiqroqni tashkil qilgan edi. Har ming kishiga hisoblaganda AQSHda psixologlar soni sobiq ittifoqqa qaraganda 60 baravar ko‘p bo‘lgan.

Bundan 50 yil avval amerikaliklarning ko‘pchiligi o‘zlarining oilaviy psixologiga ega bo‘lgan. Bizning mamlakatimizdagi poliklinikalarning ko‘pchiligida hozirgi kunda ham tibbiy psixolog mavjud emas.

O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab sobiq ittifoqda psixologiyaga e’tibor biroz kuchaydi. Lekin ko‘p vaqt yutqizilgan edi.

Mustaqillikka erishilgandan keyin O‘zbekistonda psixologiya faniga ko‘proq e’tibor berila boshlandi. Mamlakat oliy o‘quv yurtlaridagi psixologiya fakulteti va yo‘nalishlariga har yili 800ga yaqin talaba qabul qilinmoqda. Bu sobiq ittifoq davriga qaraganda 30 baravardan ortiqroqni tashkil qiladi. Lekin miqdoriy jihatga yetarli e’tibor berilgan bo‘lsada, ta’lim sifatiga yetarli e’tibor berilmadi.

Ittifoq parchalangandan keyin Rossiya Federatsiyasi, Belarus singari mamlakatlarda psixologiya fanining mundarijasi jiddiy o‘zgartirildi va rivojlangan mamlakatlar darajasiga deyarli yetkazildi. O‘zbekistonda psixologiya fakultetlari soni va ularga qabul qilinayotgan talabalar soni ortgan bo‘lsa ham, fan mundarijasi sobiq ittifoq darajasida qolib ketdi.

Psixologiya fanlarining o‘rganilmagan muhim yo‘nalishlari

Psixologiya fanlari mundarijasini belgilashda bizningcha, bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Mamlakatimiz psixologiya fanida inson psixikasi ikki qatlamdan, ong va ongostidan iborat ekanligi hisobga olinmayapti. Dunyoda ko‘zga ko‘ringan olimlarning fikriga ko‘ra, ong psixikaning 10 foizini, ongosti esa 90 foizini tashkil qiladi. Mamlakatimizdagi deyarli barcha psixolog olimlar psixikaning 10 foizini tashkil qiladigan ong bo‘yicha dissertatsiyalar himoya qilganlar. Psixologiya fakultetlarining o‘quv rejalariga ham faqat ong bilan bog‘liq mavzular kiritilgan. Chunki sobiq ittifoqning psixologiya fakultetlarida ham faqat ong bilan bog‘liq mavzular o‘qitilar edi.

Mamlakatimizda yigirmadan ortiq fan doktorlari, yuzdan ortiq fan nomzodlari bo‘lishiga qaramay faqat 1−2 dissertatsiya ongosti bilan bog‘liq mavzularda himoya qilingan. Ular ham nomzodlik dissertatsiyalari. Ongosti bilan bog‘liq mavzular naqadar muhim ekaniga qaramay, ular deyarli ishlanmagani uchun juda ko‘p muammolar vujudga kelmoqda.

Psixologiya fanlarining bir qator muhim yo‘nalishlarida juda kam ishlangan yoki umuman ishlanmagan. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy psixologiya bo‘yicha ilmiy ish qilgan mutaxassislar barmoq bilan sanarli. Toshkent tibbiyot akademiyasida mazkur yo‘nalish bo‘yicha magistratura ochilgan. Lekin yaqin vaqtlargacha tibbiyot muassasalarida tibbiy psixolog shtati ko‘zda tutilmagani uchun magistraturani tugatganlar qayerga ishga kirishni bilmay sarson bo‘lishdi.

Tibbiyot oliygohlarining o‘quv rejasiga shaxs psixologiyasi, yosh davrlari psixologiyasi, psixodiagnostika, psixokorreksiya degan vrachlar uchun zarur bo‘lgan fanlar umuman kiritilmagan. Umumiy psixologiyani pedagogika fani bilan qo‘shib o‘qitish uchun faqat 56 soat vaqt ajratilgan. Bu esa umumiy psixologiya o‘qish olti yil davom medinstitutlarda 28 soat o‘qitilishini anglatadi. Ya’ni o‘qish har kuni 6 soat davom etadi, deb hisoblasak, psixologiyaga olti yil davomida 5 kun ajratilishini bildiradi. To‘g‘ri, o‘quv rejalarida tibbiy psixologiya va psixiatriya, singari fanlarni o‘qitish ham ko‘zda tutilgan. Lekin bu fanlar me’yoriy psixikani emas, psixikaning me’yordan og‘ishlarini o‘qitishni ko‘zda tutadi.

Tibbiyot institutlarida insondagi me’yordan og‘ishlarni o‘rgatadigan fanlarni o‘qitishdan avval me’yoriy holatlarni o‘rganishga bag‘ishlangan fanlar chuqur o‘qitiladi. Masalan patologik anatomiya fanidan avval normal anatomiya, patologik fiziologiya fanidan avval normal fiziologiyani o‘qitish singari. Shunisi ham borki, me’yordagi holatlar va me’yordan og‘ishlarni o‘rgatuvchi fanlarga ajratiladigan soatlar hajmi deyarli bir xil.

Ruhiyatni o‘rganadigan fanlar masalasiga kelsak, 28 soat davomida inson ruhiyatidagi asosiy holat va jarayonlarni sanab o‘tish va ularga qisqacha ta’rif berib o‘tish mumkin xolos. Me’yoriy holatni yaxshi bilmagan talaba me’yordan og‘ishni qanchalik chuqur anglashi mumkin. Ruhiyatdagi me’yordan og‘ishni yaxshi o‘rganish uchun avvalo uning me’yoriy holatini obdon o‘rganish zarur.

Rivojlangan mamlakatlarda, Rossiya Federeratsiyasi tibbiy OTMlarida psixologiyaning eng zamonaviy yo‘nalishlari: psixokardiologiya, psixodermatologiya, psixoimmunologiya, psixoonkologiya, psixoendokrinologiya singari qator fanlar o‘qitilmoqda. Bu mamlakatlarda kardiolog mutaxassisligini egallayotgan talaba psixokardiologiyani, endokrinologiya mutaxassisligini egallayotgan talaba psixoendokrinologiyani, bo‘lg‘usi onkolog psixoonkologiyani egallashi shart hisoblanadi.

Qanchalik og‘ir bo‘lsa ham e’tirof etish zarurki, bu fanlardan talabalar uyoqda tursin, aksariyat olimlarimiz ham yetarli bilimga ega emas. Buni qayerdan bilasiz, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Men mamlakatimizda keyingi ikki yilda chop etilgan jurnallarni o‘rganib, tibbiyotning sanab o‘tilgan yangi yo‘nalishlari bo‘yicha bironta maqola ham topa olmadim. Bu holat mazkur yo‘nalishlarning mamlakatimizda qanday ahvolda ekanidan dalolat beradi. Tibbiy psixologiya va uning yo‘nalishlarini ishlab chiqish va hayotga tadbiq qilish bemorlarning davolanishi va jamiyat salomatligini yaxshilashda juda muhim rol o‘ynagan bo‘lar edi.

Psixologiya fanining o‘qituvchilarni tayyorlashdagi o‘rni

Universitetlarning o‘quv rejalariga o‘qituvchilar uchun zarur bo‘lgan pedagogik psixologiya va yosh davrlari psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya, psixodiagnostika, psixokorreksiya singari fanlar kiritilmagan. Ayni paytda psixologiyaning o‘qituvchilar uchun mutlaqo zarur bo‘lgan bu sohalari bo‘yicha yetarli bilim olmagan bitiruvchilarning 90 foizdan ortiqrog‘i maktablarga o‘qituvchilik qilish uchun bormoqda.

O‘qituvchining asosiy vazifalari tushuntirish, uqtirish va shu usullar yordamida o‘quvchilarga bilim berish va tarbiyalash. Ta’lim jarayoni qisman, tarbiya jarayoni esa, asosan, ongostiga ta’sir o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Ongostiga ta’sir qilmay ham ta’lim va tarbiya tadbirlarini o‘tkazish mumkin. Lekin bunda tadbirlarning samaradorligi juda past bo‘ladi.

Tarbiya jarayonida uqtirishning muhimligi shundaki, o‘quvchilarda uning yordamida ijobiy sifatlarning zarurligiga ishonch hosil qilish orqali bu sifatlar ongostiga singdiriladi. Bunga faqat pand-nasihat qilish yo‘li bilan erishib bo‘lmaydi.

Psixologiyaning ijodkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni

Hozir ta’lim tizimimizda o‘quvchilardagi ijodkorlik xususiyatini rivojlantirishga alohida talablar qo‘yilmoqda. Mamlakatimizda ijod maktablari, prezident maktablarini tashkil etishdan ko‘zlanayotgan asosiy maqsadlardan biri ham ijodkorlikni rivojlantirishdir. Shu talab va maqsadga mos ravishda psixologiya va pedagogika fanlarimizda ijodkorlikni rivojlantirish uslubiyati, texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor berilishi kerak edi. Lekin hozircha psixolog va pedagoglarimizning faoliyatlarida bu masalani tezroq va atroflicha tadqiq etishga intilish sezilmayapti.

Ijodkorlikni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha jahon psixologiya fanida mavjud xulosalarga ko‘z yugurtirsak, avvalo, ijodkorlik yana o‘sha ongostida shakllanishi va rivojlanishi ma’lum bo‘ladi. Ijod maktablarimizda ishlayotgan o‘qituvchi va murabbiylarda esa ongostining tuzilmasi va xususiyatlari haqidagi bilimlarni shakllantirish va rivojlantirishga e’tibor berilmayapti. Bizning fikrimizcha, bunday holat bu vazifani bajara oladigan psixologlarning kamligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Ijodkorlikning doimiy yo‘ldoshi bo‘lgan bir hodisa bor. Bu ilhom degan hodisadir. Agar o‘quvchilarda ijodkorlikni shakllantirish jarayonida ularda ilhom uyg‘otish muammosini hal qila olsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadning yarmiga yetgan bo‘lar edik. Bu vazifani bajarish uchun ham ongostiga murojaat qilishimiz va u bilan ishlashimiz kerak bo‘ladi.

Sport psixologiyasi to‘g‘risida

Psixologiyaning mamlakatimizda eng kam rivojlangan, endigina oyoqqa turib kelayotgan sohalaridan biri sport psixologiyasi hisoblanadi. Bu yo‘nalish bo‘yicha Jismoniy tarbiya va sport universitetida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu universitetning mazkur yo‘nalishini tamomlagan mutaxassislarning nazariy tayyorligini bilmadim-u, lekin men bilganlarim amaliy jihatdan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishlashga to‘la tayyor emas.

Ishonch bilan bunday deyishimga sabab shuki, 2018 yilda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi bo‘limi ochiladigan bo‘ldi. Shu bo‘limga mutaxassislarni olish uchun maxsus komissiya tuzildi va mendan shu bo‘limga ishga kirmoqchi bo‘lgan talabgorlar bilan suhbatlashib ular orasidan bo‘limda ishlashga yaraydiganlarini tanlashda yordam berishimni so‘rashdi. Men yigirmadan ortiq davogar bilan suhbatlashdim. Ularning yarmiga yaqini sport psixologiyasi yo‘nalishini bitirganlar edi. Suhbatga kelganlarning deyarli barchasi sport musobaqalari va mashqlari davomida yuz beradigan psixologik holat bo‘yicha berilgan eng oddiy savolarga ham javob berolmay sukut saqlashdi.

Sportchi mahorati o‘zi tanlagan sport turidagi zarur ko‘nikmalarni qanchalik puxta egallashiga bog‘liq. Ko‘nikmalar esa barcha darslik va qo‘llanmalarda takrorlanayotganidek, zarur amallarni ko‘p marta takrorlash natijasida shakllanadi. Sportchi zarur ko‘nikmani shakllantirish uchun uni yuzlab va minglab marta takrorlaydi. Bu ko‘nikmalar ongda emas, ongostida shakllanadi.

Shuning uchun murabbiy yoki jamoa psixologi ongostiga ta’sir o‘tkazish usullaridan xabardor bo‘lsa, zarur ko‘nikmalarni shakllantirish jarayonini bir necha marta tezlashtirish mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarning mavjudligi va tez tugatilmayotgani sabablaridan biri, bizningcha, mamlakatimizda psixologiya bo‘yicha yagona ilmiy-metodik markazning yo‘qligida. Aytaylik, Rossiyada psixologiya bo‘yicha o‘nlab ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari ishlab turgan paytda, mamlakatimizda psixologiya bo‘yicha birorta ham ilmiy-tadqiqot instituti yoki shunday institutning o‘rnini bosa oladigan markaz yo‘q. Ana shunday ilmiy-tadqiqot instituti tuzilsa va unda tegishli bilim va malakaga ega bo‘lgan olim va mutaxassislar jamlansa, bu sohadagi ishlarimiz ancha jonlangan bo‘lar edi.

Nafaqat sport, balki, ta’lim-tarbiya, tibbiyot va ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham psixologiya fanida vujudga kelayotgan yangiliklarni o‘rganish va imkon boricha amaliyotga tadbiq qilish Yangi O‘zbekistonning tezroq shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qiladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Muallif: Abdullajon Begmatov — Tibbiy psixolog, prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti «Boshqaruv psixologiyasi» kafedrasi professori.