«Oskar» mukofotiga nomzod sifatida tanlangan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi belgilangan vaqtda taqdim etilmagani sababli ishtirokchilar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda film prodyuseri Doniyor Agzamov «Xalq so‘zi»ga ma’lum qildi.

«Yo‘q qatnashmaydi. Biz Yolqin To‘ychiyev boshchiligidagi jamoa qo‘limizdan kelgan barcha harakatni qildik. Biz shu vaqtgacha O‘zbekiston „Oskar“ qo‘mitasiga ishonib kelgan edik, men barcha narsani 28 noyabr kuni ularning qo‘liga tutqazganman, menda barcha yozishmalar, faktlar turibdi. Shu kungacha „yubordinglarmi“ deb so‘raganimizda „ha yubordik“ deya javob berib kelishgan. Dekabr oyining boshida filmni Amerikaga ham jo‘natganman, 50 ta DVDP, bitta katta terabaytli hardda DSP formatda, „Surround“ formatida yuborilgan», — dedi prodyusser.

Uning qayd etishicha, «Oskar» tanlovi tashkilotchilari ham videoni so‘rab O‘zbekiston «Oskar» qo‘mitasiga 3−4 marta yozishgan, qo‘mita esa javob ham bermagan. «Oskar qo‘mitasining qo‘lida filmning hamma formatdagi nusxasi turibdi, nima so‘rashgan bo‘lsa qilib berganman. Tayyor narsani yuborishmagan, oxirgi vaqtlarda telefonlarimga ham javob bermay qo‘yishgandi», — dedi u.

Doniyor Agzamov 5 yanvar kuni elektron pochtasiga tanlov tashkilotchilaridan xat kelgani va soat 5 gacha oxirgi muddat berilganini ma’lum qildi. «Biz shokka tushib qoldik, qo‘mitadagilarni rosa qidirdim, telefonlariga javob berishmadi. Ulgura olmasdik chunki kompyuter «zagruzka»ni o‘ziga 16 soatdan 24 soatgacha vaqt so‘radi», — dedi prodyuser.

Doniyor Agzamov 28 noyabr kuni filmni yetkazganini, ularning qo‘liga so‘ragan formatda berganini va film qabul qilib olinganligi haqidagi hujjatlarga ega ekanini ma’lum qildi. Bundan tashqari, bojxonadan ham ruhsat olganini va to‘lovlar amalga oshirilganini aytib o‘tdi.

«Oskar qo‘mitasi bizga filmni jo‘natish uchun «dostup» bermagan, bo‘lmasa o‘zimiz allaqachon jo‘natgan bo‘lardik. Tashkilotchilar 5 yanvar kuni hat jo‘natishdi menga, agar u avvalroq kelganida edi, men Oskar qo‘mitadan «dostup» so‘rardim, o‘zim yuborardim. «Dostup» qo‘mitada, o‘zimiz jo‘natmoqchi bo‘lsak u bizni bloklaydi. Hattoki «Oltin globus»da ham shunaqa muammo bo‘ldi, sal qoldi u tanlovdan ham qolib ketardik. Tashkilotchilar qo‘mitadan filmni yuborishni so‘ragan, ular esa yubormagan, aksincha bizni ham bloklagan. O‘zimiz tashkilotchilarga chiqib «dostup»ni so‘rab oldik, o‘zimiz jo‘natdik. O‘zi Oskar qo‘mitasi nima bilan shug‘ullanishini men tushunmayapman. Ular o‘zbek kinosini rivoji uchun ishlayaptimi yoki borini ham yo‘q qilish uchunmi?» — deya qo‘shimcha qildi prodyuser.

«O‘zbekkino» munosabati

«O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot kotibi Nozim Safarov «Gazeta.uz»ga ushbu holat yuzasidan agentlikning rasmiy munosabatini bildirdi.

«Avvalambor „Faridaning ikki ming qo‘shig‘i“ filmi Oskar mukofoti saralash bosqichida qatnashmaydi deyish to‘g‘ri emas. Oskar qo‘mitasi kotibi Oybek Abdushukorovning agentlikka ma’lum qilishicha Qo‘mita mukofot tashkilotchilari bilan filmni talab etiladigan shaklda taqdim etish bo‘yicha kelishmoqda. Film qabul qilinishi ham mumkin», — dedi u.

«O‘z navbatida „O‘zbekkino“ Milliy agentligi Yolqin To‘ychiyevning „Faridaning ikki ming qo‘shig‘i“ filmini Oskar talablariga moslashtirish, tarjima va subtitrlar uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lab berganligini aytish lozim. Shuningdek, agentlik O‘zbekiston Oskar qo‘mitasining filmlarni saralash jarayoni va g‘olibni aniqlash marosimini o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratib, ko‘mak bergan. Filmning Oskar mukofoti saralash bosqichiga qabul qilinishi bo‘yicha ham hozirda ko‘mak berilmoqda», — deya ta’kidladi agentlik matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan nufuzli Oskar mukofotining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tanlangan edi.