10-yanvar kuni soat 17:10 da Jizzax shahar Mustaqillik ko‘chasida “Chorvador-Qorako‘l-Baraka” MCHJ qurayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgan edi.

Hukumatning tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Komissiya tarkibiga prokuratura, FVV, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar hamda loyiha tashkilotlari kiritilgan.

Hukumat komissiyasi 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilganini o‘rganadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritadi.