10 yanvar kuni qulagan Indoneziya Sriwijaya Air kompaniyasiga tegishli Boeing 737−500 yo‘lovchi samolyoti kuchli turbulentlikka duch kelishi natijasida qulab tushgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

Meteorologiya, iqlim va geofizika agentligi vakili Deni Septiadining ma’lum qilishicha, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, 14:40 da Chenkarengadan (Jakartadan g‘arbdagi hudud) 15 km radiusda minus 7 darajali yomg‘irli bulutlar bo‘lgan. Bu yuqori beqarorlik mavjudligini ko‘rsatadi, samolyot kuchli turbulentlikka duch kelgan bo‘lishi mumkin.


Samolyot 10 yanvar kuni halokatga uchragan. Jakarta aeroportidan havoga ko‘tarilgandan bir necha daqiqa o‘tgach, u radar ekranidan yo‘qolgan, so‘ng Laki oroli yaqinidagi suvga qulab tushgan. Shu bilan birga, Indoneziya Qidiruv-qutqaruv boshqarmasi xabar berganidek, samolyot favqulotda signal bermagan.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bortda 62 kishi bo‘lgan: 56 yo‘lovchi va oltita ekipaj a’zosi.