Prezident Shavkat Mirziyoyev «Forish» tog‘ poligoniga tashrif buyurib, uning yangilangan infratuzilmasi va Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari 2018 yil mart oyida mazkur hududda bo‘lib, bu yerni namunaviy poligonga aylantirish, yangi konsepsiya ishlab chiqib, O‘zbekistondagi barcha harbiy poligonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shular asosida ushbu maxsus o‘quv-sinov maydoni zamon talablariga moslashtirildi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratildi.

Poligon hududida qurilgan ob’ektlar haqida dastlab joy maketi orqali ma’lumot berildi. Davlat rahbari harbiylar yotoqxonasi, suzish havzasi, sport zalidagi sharoitlar bilan tanishdi va poligondagi qo‘shinlar ixtiyoridagi zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda shaxsiy tarkib bilan muloqot bo‘ldi. Prezident dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidladi.

«Bu poligon xalqaro standartlarga mos bo‘lishi kerak. Askar va zobitlarni tayyorlash shunga muvofiq bo‘lishi zarur. Buning uchun sifat, jangovar mahoratga alohida e’tibor qaratish lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari harbiylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.

Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.