Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Yoshlar forumi va prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida belgilangan tadbirlar uchun 41 trln so‘mga yaqin mablag‘ zarur bo‘lishi mumkin. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov brifingda ma’lum qildi.

Ushbu mablag‘larning 20 trln so‘mi davlat byudjetidan ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari 2021 yilgi davlat byudjeti masalasiga ham to‘xtalib, Moliya vazirligiga byudjet umumtaqchilligini 5,4 foizdan oshirmaslik vazifasi yuklanganligini ta’kidladi.

«Joriy yilda tuman byudjetlarining 5% (1,2 trln so‘m) qismini ekspriment tariqasida jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarga yo‘naltirish belgilangan», — dedi Ahadbek Haydarov.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, har bir chorak uchun mablag‘lar taqsimlanadi va chorakma-chorak ushbu mablag‘larning o‘zlashtirilishi, maqsadli ishlatilishi nazorat qilinadi.