Andijon viloyatida suv ta’minotidagi uzilishlar 9 yanvar kuni havo haroratining keskin pasayishi oqibatida markaziy quvurlarning suv taqsimlash zulfinining yorilganidan qelib chiqqan, deya xabar berdi «O‘zsuvta’minot» matbuot xizmati.

Andijon shahri, Oltinko‘l va Andijon tumanining 20 dan ortiq mahallalarida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.



Xabarga ko‘ra, Andijon shahri va tumani aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Jalaquduq tumanida joylashgan «Paxtakor» yerosti suv olish inshooti orqali Andijon shahrida yashovchi aholining 35 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

«Andijon suv ta’minoti» MCHJ hamda shahar va tuman hokimliklari hamkorligida qo‘shimcha ravishda 60 dona maxsus suv tashish transport vositalari va 150 nafar ishchi-xodim jalb etilgan.

Andijon shahar va tumanining suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlaridagi aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.


Yuzaga kelgan favquloddagi nosozlik 11 yanvar kuni to‘liq bartaraf etilib, aholining ichimlik suvi ta’minoti 12 yanvar kuni yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi tashkilot bayonnomasida.