10-yanvar kuni Kosonsoy tumanida istiqomat qilgan fuqaro I.Jumanov “Namangan suyuqgaz” shoxobchasiga navbatda turgan vaqtida, tahminan soat 01:30 larda vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura Davlatobod tuman IIO FMB navbatchilik qismining ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Besh farzandning otasi, 1952-yilda tug‘ilgan fuqaro “Jiguli” avtomashinasini surib harakatlantirib kelayotgan vaqtida to‘satdan asfaltga chap yuz sohasi bilan yiqilgan. Natijada chap yuz hamda bosh miya sohasidan tan jarohati olgan va hodisa joyida vafot etgan.

Voqea joyiga shahar prokurorining o‘rinbosari D.Abdullayev, shahar prokurorining katta yordamchisi B.A.Dadaboyev va shahar IIO FMB tezkor xodimlari borishgan.

Dastlabki tibbiy ma’lumotnomada marxum I.Jumanov tez yordam bo‘limi yetib kelgan vaqtda vafot etib bo‘lgani, yuz sohasida shilinish jarohatlari borligi, tanasida tan jarohatlari yo‘qligi ma’lum qilingan.

Namanganliklar Telegram-kanali yozishicha, nafaqaxo‘rga tegishli mashina sovuqda ko‘p qolib ketishi natijasida muzlab qolgan. Foydalanuvchilardan biri kundan-kunga navbatda turish “4−5−6 soatgacha” ko‘payib borayotganini aytgan.

Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, I.Jumanovning vafot etgani holati yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi. Shahar prokuraturasi tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4-yanvar sanasidan boshlab, gaz quyish shoxobchalari gaz bosimi pastligi tufayli cheklangan rejimda, soat 5:00 dan 15:00 gacha ishlamoqda.