Hukumatning 8-yanvardagi “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjat bilan Xotin-qizlar muammolarini “Ayollar daftari"ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vatinchalik tartib tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, har bir sektor kesimida mahallabay “Ayollar daftari"ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin qizlar;
  • boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar;
  • uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar;
  • noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joyi mavjud bo‘lmagan xotin-qizlar;
  • qaramog‘ida bir yoki undan ortiq I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollar;
  • tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar (o‘zi va birgalikda yashovchi oila a’zolari og‘ir ijtimoiy vaziyatda bo‘lgan, surunkali yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan, nogironlik guruhi belgilanmagan, yetarli damromad manbaiga ega bo‘lmaganlar);
  • huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar;
  • psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar (tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar).

“Ayollar daftari” quyidagi tartibda yuritiladi:

Xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari har yarim yil birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurib o‘rganiladi.

Xotin-qizlarning muammolari anketa-so‘rovnoma orqali aniqlanib, aniqlangan muammolar 3 kundan oshmagan muddatda xotin-qizlarning shaxsiy individual anketalariga kiritiladi.

Shunga ko‘ra, 1 kun muddatda individual anketalar ko‘rib chiqiladi.

Shundan keyin 3 kundan oshmagan muddatda anketa ma’lumotlari idora va tashkilotlarning ma’lumotlari bilan solishtiriladi hamda ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi (toifasi) aniqlanadi.

“Ayollar daftari"ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasi 7 kundan oshmagan muddatda Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga kiritiladi.

Tasdiqlangan ro‘yxatlar 3 kundan oshmagan muddatda Mahalla yagona axborot tizimi dasturiga kiritilib, shu asosda vaqtinchalik tartibda belgilangan xizmatlar ko‘rsatiladi.